platina.uz
Jamiyat

Daraxtlarning noqonuniy kesilishi kosmik monitoring orqali aniqlanadi

Yer qaʼridan oʻzboshimchalik bilan foydalanish, uchastkalarni oʻzboshimchalik bilan egallab olish hamda ularda bino qurish boʻyicha ham kosmik tekshiruvlar oʻtkaziladi. 

Daraxtlarning noqonuniy kesilishi kosmik monitoring orqali aniqlanadi

Iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik maʼlumotlardan foydalanish kengaytiriladi.

“Iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik maʼlumotlardan foydalanishni kengaytirish va qishloq xoʻjaligi quyi boʻgʻinida boshqaruv tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–177-son, 26.09.2025 y.) qabul qilindi.

Farmonga koʻra, 2026 yil 1 yanvardan Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (Agentlik) tomonidan quyidagi holatlarni aniqlash maqsadida yiliga kamida 3 marta davlat kosmik monitoringi oʻtkaziladi:

- geologiya sohasida – yer qaʼridan oʻzboshimchalik bilan foydalanish, shu jumladan, ruxsatnomada koʻrsatilgan hududdan tashqariga chiqish;

- yer munosabatlari sohasida – yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish hamda ularda bino va inshootlar qurish;

- ekologiya sohasida – mavjud chiqindilarni saqlash joylarida belgilangan hududdan tashqariga chiqish, shuningdek, noqonuniy yangi chiqindi zonalari vujudga kelishi.

2026 yil 1 martdan belgilangan vakolatli organlar oʻzi aniqlagan huquqbuzarlik holatlari boʻyicha maʼlumotlarni onlayn ravishda tegishli konturlar kesimida raqamli koʻrinishda integratsiya orqali SGM platformasiga taqdim etib boradi.

Bunda maʼlumotlar ogohlantirish berilgani, huquqbuzarlik bartaraf etilgani, hujjatlar prokuratura va sud organlarida koʻrib chiqilayotgani toʻgʻrisidagi belgilarni oʻz ichiga oladi.

Daraxtzorlarning noqonuniy kesilishi kosmik monitoring orqali aniqlanadi.

2026 yildan har kalendar yil yakuniga qadar respublika boʻyicha kosmik texnologiyalar imkoniyatidan kelib chiqqan holda daraxtzorlarning noqonuniy kesilishini kosmik monitoring orqali aniqlash yoʻlga qoʻyiladi.

2026 yildan quyidagi loyihalar sinov tariqasida amalga oshiriladi:

- energetika sohasida – Energetika vazirligi tomonidan Agentlik imkoniyatlaridan foydalangan holda:

- elektr uzatish tarmoqlaridagi nosozliklarni barvaqt aniqlash maqsadida 2026 yil 1 avgustgacha Toshkent viloyati Boʻka tumanida yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari holati aerokosmik monitoringdan oʻtkaziladi;

- “yashil” energetikani rivojlantirish maqsadida 2026 yil 1 oktabrgacha Surxondaryo viloyatida quyosh panellarini joylashtirish va yuqori samaradorlikka erishish imkoniyati mavjud boʻlgan maydonlar aniqlanadi;

- transport sohasida – Transport vazirligi tomonidan temir yoʻllar holatini tezkor nazorat qilishga oʻtish maqsadida Agentlik imkoniyatlaridan foydalangan holda 2026 yil 1 oktabrgacha Toshkent–Angren yoʻnalishidagi temir yoʻlda aerokosmik monitoring amalga oshiriladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid