Zaharlangan bolalar ishi: Bosh prokuratura tergov harakatlari haqida maʼlumot berdi
Jinoyat ishi nazoratga olinib, Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari Bahriddin Valiyev rahbarligida maxsus ishchi guruh tuzilgan.

Toshkent viloyatida bolalar zaharlanishi boʻyicha tergov harakatlari boshlandi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Joriy yilning 24 sentabr kuni Toshkent viloyatining Piskent, Boʻka, Bekobod, Quyichirchiq va Oqqoʻrgʻon tumanlarida maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilarining zaharlanish holatlari aniqlangandi.
Ushbu holat yuzasidan Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan bir nechta autsorsing xizmatini koʻrsatuvchi xususiy korxonalar masʼul shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tergov ishi sinchkovlik bilan, toʻla va sifatli oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olindi. Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari Bahriddin Valiyev rahbarligida maxsus ishchi guruh tuzildi.
Tergov davomida ushbu autsorsing korxonalar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan barcha maktabgacha taʼlim muassasalaridagi tarbiyalanuvchilar toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi, tashxis-davolash ishlari tashkil etildi.
Hozirda, tibbiy yordam koʻrsatilgan bolalar orasida ogʻir va oʻta ogʻir darajada kasallanganlar mavjud emas, vaziyat shifokorlarning toʻliq nazoratida, deyiladi xabarda.
Shuningdek, yuqoridagi kabi holatlar takrorlanishini oldini olish maqsadida prokuratura organlari tomonidan barcha davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga autsorsing shartnomasi asosida oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilib berilishi ahvoli yuzasidan oʻrganish ishlari tashkil etildi.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda, uning yakuni boʻyicha ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikka qoʻshimcha axborot taqdim etiladi.
Avvalroq Sanepidqoʻmita raisi oʻrinbosari Nurmat Otabekov ham holat yuzasidan maʼlumot bergandi.