platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Ismoil Joʻrabekov vafoti sabab hamdardlik bildirdi

Joʻrabekov Davlat suv nazorati boshligʻi, Prezident maslahatchisi, vazir  kabi yuqori lavozimlarda ishlagan. 

Shavkat Mirziyoyev Ismoil Joʻrabekov vafoti sabab hamdardlik bildirdi

Prezident davlat va jamoat arbobi Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

Joʻrabekov 1931 yil 12 sentabrda Samarqand shahrida ishchi oilasida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatganidan soʻng Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida muhandis-gidrotexnik mutaxassisligi boʻyicha taʼlim oldi. Mehnat faoliyatini 1955 yilda Samarqand viloyatining Pastdargʻom tumanidagi 8-jamoa xoʻjaligida muhandis-gidrotexnik sifatida boshladi. Keyinchalik ushbu tumanda Sugʻorish markazi boshligʻi, Oʻzbekiston suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Samarqand viloyati qurilish-montaj boshqarmasi boshligʻi, “Suvqurilish” tresti boshqaruvchisi, suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari, melioratsiya va suv xoʻjaligi vaziri kabi masʼul lavozimlarda mehnat qilgan.

"Vatanimiz istiqlolga erishganidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari sifatida davlatimiz mustaqilligining ijtimoiy-iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, mamlakatimiz oldida turgan gʻoyat serqirra va keng koʻlamli vazifalarni bajarish yoʻlida jonbozlik koʻrsatdi.

Ismoil Joʻrabekov Davlat suv nazorati boshligʻi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi lavozimlarida ham samarali faoliyat olib bordi.

Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarimizni amalga oshirishda I.H.Joʻrabekov, moʻʼtabar yoshda boʻlishiga qaramasdan, suv xoʻjaligi vazirining maslahatchisi sifatida xizmat qilib, oʻzining boy bilim va tajribasi, qimmatli maslahatlari bilan sohani rivojlantirish, yosh kadrlarni tarbiyalash ishlarida faol ishtirok etdi", deyiladi hamdardlik matnida.

Eslatib oʻtamiz, Ismoil Joʻrabekov 2025 yil 28 sentabrda vafot eretgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 70 119 55 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid