platina.uz
Jamiyat

Quruvchi korxona bilan shartnoma bekor qilinganda foiz ushlab qolinishi qonunga zid

 8 nafar isteʼmolchining qurilish tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalari bekor qilinib, asossiz ravishda foiz toʻlovi toʻlanishining oldi olindi. Ularga 1,5 mlrd soʻmdan oshiq mablagʻ qaytarildi. 

Quruvchi korxona bilan shartnoma bekor qilinganda foiz ushlab qolinishi qonunga zid

Quruvchi korxonalar bilan isteʼmolchi oʻrtasida tuzilgan shartnomalar isteʼmolchining tashabbusi bilan bekor qilinganda quruvchi tomonidan ushlab qolinadigan foizlar qonuniymi?

Joriy yilning yanvar–avgust oylarida Raqobat qoʻmitasiga koʻp qavatli uy-joylar qurilishi va xaridlari boʻyicha 1000 ga yaqin murojaat kelib tushgan. Ularda asosan qurilish tashkilotlari bilan tuzilgan shartnoma shartlarining buzilishi — yangi uy-joylarni oʻz vaqtida topshirmaslik, shartnomada belgilangan talablarni bajarmaslik, reklama va eʼlonlarda koʻrsatilgan loyihalarga amal qilmaslik kabi holatlar bayon etilgan.

Shuningdek, murojaatlarni oʻrganish jarayonida ayrim qurilish korxonalari shartnomalarga qonunchilikka zid bandlar kiritayotgani ham aniqlandi.

Xususan, shartnoma shartlarida “agar isteʼmolchi oʻz tashabbusi bilan shartnomani bekor qilsa, qurilish tashkiloti isteʼmolchi tomonidan toʻlangan mablagʻning yoki shartnoma qiymatining 10 foizi miqdoridagi summani jarima sifatida ushlab qolish huquqiga ega” deb belgilangan holatlar koʻplab kuzatilmoqda.

Amalda esa bunday talablar qonun normalariga zid hisoblanadi.

Fuqarolik kodeksining 385-moddasida shartnoma bekor qilinganda faqat ikkinchi tarafga aniq zarar yetkazilgan taqdirdagina uni qoplash mumkinligi belgilangan.

14-moddada “zarar” tushunchasi haqiqiy zarar va boy berilgan foyda sifatida koʻrsatilgan boʻlib, amalda isteʼmolchi shartnomani bekor qilganda qurilish tashkilotiga zarar yetmaydi. Chunki koʻp qavatli uylar tipik loyiha asosida quriladi va qurilish tashkilotlari bunday obʼektlarni osonlikcha boshqa xaridorga sotishi mumkin. Bundan tashqari, uylarga talab yuqori va narxlar yildan yilga ortib borayotgani qurilish tashkilotlari koʻp hollarda foyda koʻrishini taʼminlaydi.

Kodeksining 260-moddasida ham neustoyka (jarima, penya) qarzdor oʻz majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan hollardagina qoʻllanishi mumkinligi belgilangan. Aksariyat hollarda esa isteʼmolchi oʻz toʻlov majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarib boʻladi, qurilish tashkiloti esa uyni topshirmagunga qadar qarzdor maqomida qoladi.

Shu bois, isteʼmolchining tashabbusi bilan shartnoma bekor qilinganda undan jarima undirish qonunga zid hisoblanadi.

Bu holat “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 21-moddasiga koʻra, isteʼmolchi huquqlarini cheklovchi va qonunga zid boʻlgan shartlar haqiqiy emas deb hisoblanadi, 23-moddasida esa isteʼmolchining ustuvor huquqi kafolatlangan.

Shuningdek, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 9-moddasida tadbirkorlik subʼektlari raqobat va isteʼmolchilar huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka amal qilishi shartligi belgilangan.

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib Raqobat qoʻmitasi ogohlantiradi:

"Yangi qurilayotgan uy-joydan xonadon xarid qilishda shartnoma tuzishdan oldin uning barcha shartlari bilan atroflicha tanishib chiqishingiz juda muhim. Agar huquqiy bilimingiz yetarli boʻlmasa, malakali yurist yoki advokat xizmatidan foydalanish orqali shartnoma mazmunini toʻliq oʻrganib chiqishingiz tavsiya etiladi.

Shuningdek, agar tuzilgan shartnomada qonunchilik normalariga zid boʻlgan talablar yoki isteʼmolchi huquqlarini cheklovchi bandlar aniqlansa, ushbu holat yuzasidan belgilangan tartibda sud organlariga yoki vakolatli davlat idoralariga murojaat qilishingiz mumkin. Bu orqali siz oʻzingizning qonuniy huquq va manfaatlaringizni himoya qilish imkoniyatiga egasiz".

Maʼlumot uchun: Raqobat qoʻmitasi tomonidan olib borilgan ishlar natijasida, 8 nafar isteʼmolchining qurilish tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalari bekor qilinib, asossiz ravishda jarima qoʻllanishining oldi olindi hamda fuqarolarga 1,5 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ qaytarilishi taʼminlandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid