Boʻzsuv kanali ifloslanishi yuzasidan 1,5 mlrd soʻmlik kompensatsiya belgilandi
Holat sabab “Toshkent suv taʼminoti”ga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Poytaxt prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari boshlandi.

Boʻzsuv kanali ifloslanishi yuzasidan 1,5 mlrd soʻmlik kompensatsiya toʻlovi belgilandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Boʻzsuv kanaliga kanalizatsiya suvlari oqizilayotganligi haqidagi xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan tegishli tekshiruv oʻtkazildi.
Oqova suvlarning chiqish joylaridan olingan laboratoriya tahlil natijalariga koʻra, “Boʻzsuv aeratsiya inshooti”ning birinchi sonli tashlamasida muallaq moddalar cheklangan miqdordan 23,7 marta, ammoniy ioni 101,9 marta, azot nitrit 3,5 marta, sulfatlar 2,3 marta, fosfatlar 1,3 marta, BPK 19,6 marta, neft mahsulotlari 2,52 marta, mis 4,16 marta, temir 12,4 marta yuqori ekanligi aniqlangan.
Shuningdek, obʼektning uchinchi sonli tashlamasida muallaq moddalar belgilangan miqdordan 22,1 marta, ammoniy ioni 19,9 marta, azot nitrit 8,5 marta, sulfatlar 2,8 marta, fosfatlar 1,3 marta, BPK 17 marta, neft mahsulotlari 1,78 marta, mis 3,3 marta, temir 3,6 marta yuqori ekanligi maʼlum boʻldi.
Dastlabki tekshiruv davomida atrof-muhitni ifloslantirganlik hamda oqova oqizganlik oqibatida 1 mlrd 511 mln 966 ming 450 soʻm qoʻshimcha kompensatsiya toʻlovi hisoblandi.
Holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan JKning 205- va 207-moddalari bilan “Toshkent suv taʼminoti” AJga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ayni damda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
"Oʻzsuvtaʼminot" AJ ham ushbu holat yuzasidan izoh berib oʻtdi.
"Ushbu mavzu bugun paydo boʻlib qolgani yoʻq. Maʼlumki, Toshkent shahridan chiqayotgan oqova, yaʼni kanalizatsiya suvlarini tozalovchi 3 ta inshoot mavjud. Ular aholidan kelayotgan maishiy, yaʼni oshxona, hammom, hojatxona suvlarini qabul qilish uchun moʻljallangan boʻlib, biologik usulda tozalash texnika va texnologiyalari bilan jihozlangan. Bunda aynan kimyoviy tashlamalarni birlamchi korxonalar tozalashi nazarda tutilgan.
Biroq, yurtimizda tadbirkorlik va ishlab chiqarish jarayonlarining rivojlanishi va ulardan kanalizatsiyaga tashlanayotgan turli kimyoviy chiqindilar hamda tekstil korxonalardan chiqayotgan boʻyoq qoldiqlari, yaʼni rangli suvlar inshootlarning ishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Aslida belgilangan meʼyorga koʻra, har bir ishlab chiqaruvchi korxonada lokal inshoot boʻlishi talab etiladi. Ushbu birlamchi inshootlar korxonadan chiqayotgan kimyoviy chiqindilarni tozalashi lozim.
Ammo bunday inshootlarning ekspluatatsiyasi qimmatga tushganligi bois, afsuski, baʼzi ishlab chiqaruvchilar korxonadan chiqqan oqova suvlarni kanalizatsiyaga oqizib yuborishni afzal koʻrmoqdalar", deyiladi izohda.
"Siz tasvirda koʻrayotganingiz turli rangli oqova suvlar tekstil korxonalaridan chiqmoqda. Tozalash inshooti ranglar va kimyoviy tashlamalarni ajratib ololmaydi, afsuski.
Respublikamizdagi barcha ishlab chiqarish korxonalaridan bu kabi oqova suvlarni kanalizatsiya tarmoqlariga yoki tabiatga yoʻnaltirmasliklarini, bu kabi xatti-harakatlari nafaqat ishlab chiqarish, jamiyat yoki tabiat meʼyorlariga, balki insoniylik prinsiplariga ham toʻgʻri kelmasligini eslatib oʻtamiz", deya taʼkidlanadi AJ izohida.