Toshkent viloyatida bolalar zaharlanishi ortidan 7 kishi qoʻlga olindi
Ulardan ikkitasi mahsulot ishlab chiqaruvchilari boʻlsa, qolganlari autsorsing bilan shugʻullangan kompaniya vakillari sanaladi.

Toshkent viloyatidagi bogʻchalarda bolalar zaharlanishi ortidan 7 kishi qamoqqa olindi.
Bu haqda Platina.uz manbasi maʼlum qildi.
Qamoqqa olinganlarning 2 nafari bolalar zaharlanishiga sabab boʻlgan mahsulot ishlab chiqaruvchilari boʻlsa, qolganlari autsorsing bilan shugʻullangan kompaniya vakillari sanaladi.
Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib oʻtamiz, 26 sentabr kuni soat 10:00 holatiga koʻra, Toshkent viloyatida salkam 2 ming nafar bogʻcha bolasi zaharlanish bilan bogʻliq holatdan shikoyat bilan shifoxonalarga murojaat qilgan edi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Otabekov holat yuzasidan axborot berdi.
Unga koʻra, jami 1922 nafar bola, jumladan, bemorlar bilan muloqotda boʻlganlar ham tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan. Ulardan 959 nafarida klinik belgilar kuzatilmagani sababli uylariga javob berilgan. Keyingi davr mobaynida yana 269 nafar bola sogʻayib, uyiga qaytarilgan.
Hozirgi kunda 694 nafar bola shifoxonalarda davolanmoqda, ulardan 13 nafarining ahvoli oʻrtacha ogʻirlikda baholanmoqda.