Suriyada sud sobiq prezident Bashar Asadni qamashga order berdi
2011 yilda Daraa viloyatida hukumatga qarshi namoyishlar qonli tarzda bostirilgandi. Asadga shu ish yuzasidan ayblov qoʻyilgan.

Damashq sudi oʻtgan dekabr oyida hokimiyatdan chetlatilgan Suriya mobiq prezidenti Bashar Asadni hibsga olishga order berdi.
Ayblovlar 2011 yilda Daraa viloyatida hukumatga qarshi namoyishlarni bostirish bilan bogʻliq. Bu noroziliklar qonli mojaroga sabab boʻlib, boshqa davlatlar, jumladan, Rossiya ishtirokida keng koʻlamli urushga aylangan. Asadning oʻzi oʻtgan dekabr oyida isyonchilar hokimiyatga kelganidan keyin qochib ketgan. Hozirda u oilasi bilan Rossiyada boʻlib, unga siyosiy boshpana berilgan.
Suriyaning SANA axborot agentligiga koʻra, daʼvo Daraadagi namoyishlarning zoʻravonlik bilan bostirilishi qurbonlarining yaqinlari tomonidan berilgan. Asad qasddan qotillik, qiynoqlar va noqonuniy qamoqqa olishda ayblanmoqda.
Suriya Oliy sudi hibsga olish orderi Bashar Asadni xalqaro qidiruvga, jumladan, Interpol orqali ham qoʻyish imkonini berishini taʼkidladi.
Daraadagi norozilik namoyishlari 2011 yil mart oyida boshlangan. Aprel oyi oxirida noroziliklarni bostirish uchun shaharga armiya boʻlinmalari va zirhli texnikalar kiritilgan.
Keyin xavfsizlik kuchlari namoyishlarni toʻxtatish uchun namoyishchilarga qarata oʻt ochdi. Faollarning xabar berishicha, Daraadagi namoyishlarning dastlabki olti haftasida yuzlab namoyishchilar halok boʻlgan.
Iyul oyida Fransiya kassatsiya sudi Suriya sobiq prezidentini hibsga olish orderini bekor qilgan edi. Sud hukmiga koʻra, Bashar Asad Suriya prezidenti sifatida, hatto urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilmaydi.
Fransiyadagi order Asad Suriyada hali hokimiyatda boʻlgan vaqtda — 2023 yil noyabrida — 2013 yilda kimyoviy qurol qoʻllangani boʻyicha jinoiy ish doirasida chiqarilgan.
Shundan soʻng prokurorlar Asadning davlat rahbari sifatidagi daxlsizligini taʼkidlab, hibsga olish orderining qonuniyligiga eʼtiroz bildirgan.
2025 yil yanvar oyida rejim qulagan va Asad Suriyadan qochib ketganidan soʻng, Fransiyada Suriya sobiq prezidentini insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanib hibsga olish uchun navbatdagi order chiqarilgan edi. Bu ayblovlar 2017 yilda Suriya va Fransiya fuqaroligiga ega boʻlgan shaxs oʻldirilgan Duma shahrining portlashi bilan bogʻliq.
Suriyani qariyb chorak asr boshqargan Bashar Asad oʻtgan dekabr oyida hokimiyatdan agʻdarilgan va Rossiyaga qochib ketgan. Suriya rejimi qulaganidan keyin u oilasi bilan Moskvadan boshpana oldi.