Oʻndan oshiq davlat Falastinga moliyaviy yordam uchun birlashdi
Koalitsiya Falastin milliy maʼmuriyatining qulashiga olib kelishi mumkin boʻlgan “ogʻir va misli koʻrilmagan moliyaviy inqiroz”ga javob tariqasida tuzilgan.

Fransiya va uning ittifoqchilari Falastin maʼmuriyatining moliyaviy barqarorligini taʼminlash uchun Favqulodda koalitsiya tuzdi.
Fransiya TIV bayonotiga koʻra, koalitsiyaning asosiy maqsadi Falastin milliy maʼmuriyatining hududlarni boshqarish, fuqarolarga hayotiy xizmatlar koʻrsatish va xavfsizlikni taʼminlash qobiliyatini saqlab qolishdir.
Koalitsiyada Belgiya, Daniya, Fransiya, Islandiya, Irlandiya, Yaponiya, Norvegiya, Saudiya Arabistoni, Sloveniya, Ispaniya, Shveysariya va Buyuk Britaniya kabi davlatlar bor.
Koalitsiya Falastin milliy maʼmuriyatining qulashiga olib kelishi mumkin boʻlgan “ogʻir va misli koʻrilmagan moliyaviy inqiroz”ga javob tariqasida tuzilgan.
Mamlakatlar vakillari Falastinni qisqa muddatli qoʻllab-quvvatlash yetarli emasligini taʼkidlamoqda: “qattiq shaffoflik va hisobdorlik bilan xalqaro moliya institutlarini jalb etgan holda tizimli, bashorat qilinadigan va muvofiqlashtirilgan yondashuv” zarur.
Koalitsiya tuzish bilan birga, bu davlatlarning tashqi ishlar vazirlari Isroildan Falastin maʼmuriyati ishiga toʻsqinlik qiladigan, uni zaiflashtiradigan yoki parchalanishiga olib keladigan har qanday chora-tadbirlarni toʻxtatishni talab qildi.
Ularning taʼkidlashicha, Falastin moliyaviy barqarorligini mustahkamlash "falastinliklar, isroilliklar va butun mintaqa uchun tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikka sarmoyadir".
Eslatib oʻtamiz, joriy oyda Fransiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlar Falastinni tan oldi.