Tramp Isroil Gʻarbiy sohilni bosib olishiga yoʻl qoʻymasligini aytdi
"Isroil Gʻarbiy sohilni qoʻshib olishiga yoʻl qoʻymayman. Toʻxtash vaqti keldi", degan AQSh prezidenti. U Netanyahuga Gʻazodagi urushni tugatish rejasini ham taqdim etadi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil tomonidan Falastin Gʻarbiy sohili egallanishiga yoʻl qoʻymasligini aytdi.
Shuningdek, Tramp maʼmuriyati Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni Amerika yetakchisining Gʻazo sektoridagi urushni tugatish rejasini qabul qilishga undamoqda, mojaroning davom etishi Isroilni yanada yakkalab qoʻyishi haqida ogohlantirmoqda, deb xabar beradi Axios.
Nashrning yozishicha, bu pozitsiya Nyu-Yorkda AQSh maxsus vakili Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushnerning Netanyaxu va Isroil strategik rejalashtirish vaziri Ron Dermer bilan uchrashuvida bayon qilingan.
“Oq uy Netanyaxuga urushni davom ettirish Isroilni yanada yakkalab qoʻyishini va uni tugatish teskari natijaga olib kelishini aytmoqda”, — deb yozadi Axios manbasiga tayanib.
Nashrning taʼkidlashicha, AQSh maʼmuriyati Netanyaxudan Trampning Falastin anklavidagi urushni tugatish rejasini qabul qilishga undamoqda.
Netanyaxu dushanba kuni Trampning oʻzi bilan Gʻazo sektoridagi reja va keyingi harakatlarni muhokama qilish uchun uchrashadi.
25 sentabr kuni ertalab Tramp Oq uyda jurnalistlarga Netanyaxuning Gʻarbiy Sohilni anneksiya qilishiga “yoʻl qoʻymasligini” aytgan.
"Isroilning Gʻarbiy Sohilni qoʻshib olishiga yoʻl qoʻymayman. Yetarli. Toʻxtash vaqti keldi", dedi AQSh prezidenti va bu masalani Isroil bosh vaziri bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muhokama qilganini qoʻshimcha qildi.
Axios tahlilchilarining fikricha, Trampning ommaviy bayonotlari “ehtimol Netanyaxuning anneksiya qilish rejalariga chek qoʻyadi”.
Hafta boshida Tramp Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Misr, Iordaniya, Turkiya, Indoneziya va Pokiston rahbarlari va yuqori martabali amaldorlari bilan uchrashgan va ulardan Gʻazo sektoridagi urushni tugatish rejasini qoʻllab-quvvatlashni soʻragan.
Arab davlatlari yetakchilari Trampga uning rejasini qoʻllab-quvvatlash uchun bir qancha shartlar, jumladan, Isroilning Gʻarbiy Sohil yoki Gʻazo sektorini anneksiya qilmaslik majburiyatini taqdim etishdi.
Avval Isroil Gʻarbiy sohildagi ishgʻolni kengaytirish boʻyicha rejani tasdiqlagandi.
Yahudiy davlati ushbu hududga oʻz aholisini koʻchirib keltirishni koʻpaytirmoqda. Ushbu amaliyot xalqaro huquqqa muvofiq noqonuniy hisoblanadi.