platina.uz
Jamiyat

Paxta yigʻim-terimida yaxshi natija koʻrsatgan va ortga qolayotgan viloyatlar maʼlum boʻldi

Samarqand, Sirdaryo va Navoiyda holat qoniqarsiz. Prezident "Yashil makon" dasturi doirasida ekilgan 137 million koʻchatning 27,5 millioni qurib qolganini tanqid qildi. 

Paxta yigʻim-terimida yaxshi natija koʻrsatgan va ortga qolayotgan viloyatlar maʼlum boʻldi
Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida hududlarda paxta hosili yigʻimi, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, investitsiya va eksport koʻrsatkichlari ijrosi hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar tahlili yuzasidan kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda hududlar kesimida paxta yigʻimi surʼatlari va mavjud muammolar atroflicha koʻrib chiqildi.

Bu yil 875 ming gektar maydonga chigit ekilib, 3,7 million tonna hosil uchun shartnomalar tuzilgan. Terim jarayonlariga 900 dan ortiq mashina jalb etildi, fermerlarga yoqilgʻi va oʻgʻit arzonlashtirilgan tartibda berildi.

Shu bilan birga, ayrim hududlarda rejadan orqada qolish holatlari kuzatilmoqda. Masalan, Surxondaryo, Xorazm, Fargʻona va Andijon viloyatlari yaxshi natija koʻrsatayotgan boʻlsa, Samarqand, Sirdaryo va Navoiyda holat qoniqarsiz.

Prezident qisqa vaqt ichida joylarda favqulodda shtablar tuzib, hosilni sifatli yigʻib olish, fermerlarni oʻylantirayotgan masalalarni tezkor hal etib borish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Masʼullarga terilgan paxta uchun hisob-kitoblar oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash topshirildi.

Yigʻilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati ham koʻrib chiqildi.

Respublika boʻyicha 640 ta maktab va bogʻchadan 125 tasida taʼmirlash ishlari hali yakunlanmagan. 9,8 ming koʻp qavatli uyning qariyb mingtasi tayyor emas. Jizzax va Surxondaryodagi qozonxonalar taʼmiri ham oxirigacha yetkazilmagan.

Davlatimiz rahbari ikki hafta ichida bu masalalarni hal etish, nimstansiya, elektr va suv tarmoqlarini mavsumga shay holatga keltirish zarurligini qayd etdi.

Shuningdek, bugungi kunda aholiga 55 ming tonna, shundan 381 ta olis qishloq va ovullarga 9 ming tonna mahalliy koʻmir yetkazib berilgan. Aholiga omborlardagi 27 ming tonna tarqatilmay qolgan koʻmirni hamda kuz-qish mavsumida isteʼmolchilarga 330 ming tonna suyultirilgan gazni toʻliq yetkazish topshirildi. Gaz va elektr taʼminotida uzilishlarga yoʻl qoʻymaslik uchun mutasaddilar shaxsan javobgar ekani koʻrsatib oʻtildi.

“Yashil makon” dasturining ijrosi muhokama qilinar ekan, bu yil bahorda ekilgan 137 million koʻchatning 27,5 millioni qurib qolgani tanqid qilindi. Sababi – bahor va yoz oʻrtasida issiq kunlar tez kelib qolishi oqibatida ekilgan koʻchatlar unishga ulgurmayapti, ularga odatdagidan 2-3 barobar koʻp suv sarflashga toʻgʻri kelmoqda.

Shu munosabat bilan daraxtni kuzda ekishni koʻpaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Bu yilgi kuz mavsumida 125 million tup daraxt va buta, bahorda yana 75 millionta ekish rejalashtirildi. Bunda sugʻorish tizimi va imkoniyati yoʻq joylarga koʻchat ekmaslik talab qilib qoʻyildi.

Urbanizatsiya jarayoni tezlashib borayotgani shaharlar va viloyat markazlarida yashillik darajasini oshirishni taqozo etmoqda. Shaharlarni “yashil” standartlarga muvofiq ilmiy asosda rivojlantirish maqsadida olimlar, urbanistlar va ekologlar ishtirokida Toshkent va Nukus shaharlari, barcha viloyat markazlarining “yashil” master rejalari ishlab chiqilishi belgilandi.

Joriy yil uchinchi choragi yakuni bilan mamlakatimizga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 33,5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Yanvar-avgust oylarida eksport 23 milliard dollarni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 31 foizga koʻpaydi.

Lekin investitsiya oʻsishi barcha hududlarda ham birdek emas. Ayrim hududlarda esa eksport koʻrsatkichlari pasaygan. Prezident mutasaddilardan yil yakunigacha 7,3 milliard dollar qoʻshimcha eksportni taʼminlash, sarmoyalarni jalb qilish va yangi bozorlarga chiqish boʻyicha aniq choralar koʻrishni talab qildi.

AQSh shtatlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi belgilandi. Har bir viloyat muayyan shtat bilan hamkorlik oʻrnatib, mahalliy tadbirkorlar va xorijiy sheriklar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni kengaytirishiga koʻmaklashish zarurligi qayd etildi.

Yigʻilish yakunida Prezident barcha yoʻnalishlarda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va toʻliq bajarish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid