Bogʻchalarda zaharlangan bolalar soni 2 mingga yaqinlashdi
Ommaviy zaharlanish koʻlami yanada koʻproq ham boʻlishi mumkin. Masʼullar hozircha rasmiy statistikani ochiqlamayapti.

Toshkent viloyatining bir necha tumanlaridagi bogʻchalarda sodir boʻlgan ommaviy zaharlanish oqibatida zaharlangan bolalar soni 1922 nafarga yetgan. Bu statistika 25 sentabr holatiga tegishli.
Maʼlum boʻlishicha, viloyatdagi shifoxonalarga 1922 nafar bemor zaharlanishdan shikoyat qilib, shifokorlarga murojaat qilgan. Ulardan 930 dan ortigʻining tashxisi salbiy boʻlib, uylariga joʻnatilgan. Qolgan 941 nafar bemorning ahvoli yengil, 22 nafarining ahvoli oʻrta darajada.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Otabekovning aytishicha, Boʻka, Piskent, Bekobod, Oqqoʻrgʻon va Quyi Chirchiq tumanlaridagi bogʻchalar bolalari shifokorlarga murojaat qilgan. Tibbiyot muassasalarida oʻrinlar yetishmasligi sababli bemorlarning bir qismi Olmaliq va Nurafshon shaharlariga koʻchirilgan.
Daryo nashrining aniqlik kiritishicha, Oqqoʻrgʻon tumanida 413, Boʻka tumanida 537, Piskent tumanida 430, Quyi Chirchiq tumanida 64, Bekobodda 98, Olmaliqda 285, Nurafshonda 113 nafar bogʻcha tarbiyalanuvchilari yordam soʻrab murojaat qilgan.
Otabekov Boʻka, Piskent, Bekobod, Oqqoʻrgʻon va Quyi Chirchiq tumanlaridagi davlat tasarrufidagi bolalar bogʻchalariga umumiy ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatuvchi uchta autsorsing kompaniyasi tomonidan xizmat koʻrsatilayotganini aytgan.
Uchalasi ham oʻsha kefirni Oqqoʻrgʻondagi Shark Milk Product kompaniyasidan olgan. Aniqlanishicha, kompaniya Uchtepa tumanida roʻyxatdan oʻtgan, ammo ishlab chiqarish Oqqoʻrgʻon tumanida olib borilgan.
Hozirgacha mutasaddilar aniq statistika va maʼlumotlarni ochiqlamayapti.
Eslatib oʻtish kerak, 25 sentabr kuni ertalab Piskent va Boʻka tumanlaridagi bogʻcha bolalari zaharlanish bilan kasalxonaga yotqizilgan edi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, ular sifatsiz kefirdan zaharlangan. Hozir epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilyapti.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi maʼlumotlariga koʻra, oʻsha kuni kechqurun 109 nafar bola kasalxonaga yotqizilgan: Quyi Chirchiq tumanida 12 nafar, Oqqoʻrgʻon tumanida 97 nafar. Ularning ahvoli barqaror deb baholangan. Ehtiyotkorlik maqsadida Piskent va Boʻka tumanlaridagi bolalar bogʻchalarida bolalarni koʻrikdan oʻtkazilgan.
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi 25 sentabr kuni Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi (sanitariya qonunchiligini yoki epidemiyaning oldini olish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatgan. Hozir tergov davom etmoqda.