Toshkentning 2 ta tumanidagi ayrim uylar boʻyicha renovatsiya investorlari maʼlum boʻldi
Ularning biri 4 yildan beri ishlayotgan boʻlsa, ikkinchisi hali tashkil etilmagan firma hisoblanadi.

Toshkent shahrining Chilonzor va Bektemir tumanlaridagi ayrim uylarni renovatsiya qilish boʻyicha tanlov gʻoliblari aniq boʻldi. Poytaxt hokimligi ularni investor deb atagan. Platina.uz oʻrganib chiqdi.
Xususan, Chilonzor tumani Katta Qozirabod mahallasidagi 1,54 gektar yer uchastkasida amalga oshiriladigan renovatsiya loyihasi yuzasidan 2024 yil 10 oktabrda oʻtkazilgan tanlovda ISSAAR DEVELOPMENTS MChJ gʻolib deb topilgan.
Ochiq maʼlumotlarga koʻra, ushbu firma 2021 yil iyulda roʻyxatdan oʻtgan, ustav fondi salkam 6,5 mlrd soʻm. Yuridik manzili sifatida ham oʻsha mahallada joylashgan uy koʻrsatilgan. Rahbari Raupjon Hakimov.

Renovatsiya loyihasi amalga oshiriladigan hududning Chilonzor koʻchasi 93-, 95-, 97-uylar manzilidagi koʻp xonadonli 2 qavatli uylardagi jami 42 ta xonadon ushbu investor hisobiga oʻtkazilgan. Bu boʻyicha 42 nafar mulkdor bilan notarial tartibda oldi-sotdi shartnomalari va kelishuvlar tuzilgan.
Bektemir tumani Husayn Boyqaro mahallasining 2,47 gektar yer uchastkasida amalga oshiriladigan renovatsiya loyihasi yuzasidan 2025 yil 23 martda oʻtkazilgan tanlovda “Oltin baliq” MChJ gʻolib deb topilgan.
Ochiq manbalarda hozircha bu firma haqida hech nima maʼlum emas. Yoki endi roʻyxatdan oʻtadi, yoki registratsiyasiga hal koʻp boʻlmagan. Ustav fondi 2 mln soʻm boʻlgan va Qoraqalpogʻistonda roʻyxatdan oʻtgan "Altin baliq" MChJning bularga daxli boʻlmasa kerak.

Husayn Boyqaro koʻchasi 74-, 76-, 78-, 80-uydagi koʻp xonadonli 2 qavatli uylardagi jami 80 ta xonadon ushbu investor balansiga oʻtgan.
Maʼlumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 30 iyuldagi 460-son qarori 6-bandiga asosan, Toshkent shahrida renovatsiya loyihalarini amalga oshirishda Toshkent shahar hokimi tomonidan renovatsiya hududi chegarasi tasdiqlanganidan soʻng, uning chegarasidagi yer uchastkalari Toshkent shahar hokimligiga doimiy foydalanish huquqi bilan rasmiylashtirilib, ushbu hudud kelgusida Toshkent shahar hokimligining “Toshkent Invest kompaniyasi” AJga yoki “Toshkent Invest kompaniyasi” AJ va investor oʻrtasida tuzilgan investitsiya shartnomasi asosida uning amal qilish muddatiga investorga ijara huquqi bilan qayta rasmiylashtiriladi.