NUJ: fan, afsona va ehtimoliy kelajak chegarasida
Osmondagi gʻalati obʼektlar haqida eng qadim zamonlardan beri yoziladi. Ammo zamonaviy NUJ tushunchasi XX asr oʻrtalaridan ommalashib ketdi.

NUJ — nomaʼlum uchar jismlar — endi shunchaki fantastik romanlar mavzusi emas. Ular ilmiy tadqiqotlar, madaniy talqinlar va falsafiy munozaralar obʼektiga aylangan. Bu fenomen ortida nima turibdi: atrof-muhitni idrok qilish xatolarimi, maxfiy texnologiyalarmi yoki rostan ham oʻzga sayyoralarda odamsimon yoxud aql-idrokka ega organizmlar mavjudmi?
NUJ nima va uning zamonaviy taʼrifi qanday?
NUJ atamasi (inglizcha Unidentified Flying Object) 1947 yilda paydo boʻldi. Bu zamonaviy jamiyat ongida birinchi bor qayd etilgan holat — amerikalik uchuvchi Kennet Arnold kuzatgan «uchar likopcha» parvozi bilan bogʻliq. Gazetalar bu obrazni tez tarqatib yuborishdi va aholi orasida ommaviy qiziqish toʻlqini yuzaga keldi.
Zamonaviy ilmiy va davlat terminologiyasi koʻproq NHH – nomaʼlum havo hodisasi (UAP— Unidentified Aerial Phenomena) atamasini ishlatadi. 2022 yildan esa uning kengaytirilgan shakli — NAH - nomaʼlum anomal hodisalar (Unidentified Anomalous Phenomena) shakli keng qoʻllanila boshlandi. Mazkur atama bu kabi hodisalarning albatta oʻzga sayyoralar bilan bogʻliq boʻlmasligini ham nazarda tutadi.
Tarixiy kontekst
Osmondagi gʻalati obʼektlar haqida eng qadim zamonlardan xabarlar yetib kelgan. Hindiston, Avstraliya, Mesopotamiya va Misr afsonalarida “osmon aravasi”, “yorugʻ disklar” va “osmondan tushgan mavjudotlar” haqida aytilgan. Ammo zamonaviy NUJ tushunchasi XX asrda — ayniqsa 1947 yildagi Rozuell voqeasidan soʻng ommalashdi. AQShda «uchar likopcha» qulagani haqidagi daʼvolar ufologiyaning boshlanishiga turtki berdi.
Ufologiya — NUJni oʻrganuvchi, lekin rasmiy ilmda tan olinmagan yoʻnalish hisoblanadi. Bu voqea madaniy toʻlqin keltirib chiqardi va NUJ fenomeniga qiziqishni kuchaytirdi. Sovet va Gʻarb armiyalari maxfiyligi, sovuq urush muhiti esa sovet yoki gʻarb maxfiy texnologiyalar, hattoki oʻzga sayyoraliklar haqidagi taxminlarni yanada kuchaytirdi.
Mashhur voqealar va hujjatlar
Rozuell (AQSh, 1947) — eng mashhur holat boʻlib, xususan bir ranchoda topilgan temir parchalari haqida avval armiya «uchar likopcha» deb izoh berdi, keyin esa «meteozond» deb tushuntirdi. Keyinchalik, bu yadroviy sinovlarni aniqlashga moʻljallangan Mogul loyihasi meteozondi ekani maʼlum boʻldi.
Westall voqeasi (Avstraliya, 1966) — Melburn shahrining Kleyton Saut hududida 200 dan ortiq kishi disk shaklidagi obʼektlarni kuzatgan, ular yerda iz qoldirgan. Bu hodisaga rasmiy izoh berilmagan, bu esa hukumat ayrim maʼlumotlarni ataylab sir tutishi haqidagi savollarni yana yuzaga chiqardi.
Boshqa koʻp muhokama qilingan holatlar esa Feniks chiroqlari, Rendlshem oʻrmoni, Skinwalker Ranch va boshqalar hisoblanadi. Ulardan koʻpchiligini harbiy mashgʻulotlar yoki tabiiy hodisalar bilan bogʻlashadi, ammo ularning ayrimlari haligacha sir boʻlib qolmoqda.
Ilmiy yondashuv
Zamonaviy fan NUJni oʻrganishga ehtiyotkorlik bilan yondoshadi. Astronomlar, fiziklar va meteorologlar radarlar, yoʻldoshlar va kameralardan olingan maʼlumotlarni tahlil qiladi. NASA va AARO (Anomal hodisalarni oʻrganish boshqarmasi) voqealarni yigʻib, haqiqiy anomaliyalarni optik illyuziyalardan, atmosfera hodisalari yoki texnogen obʼektlardan ajratishga harakat qiladi. Gipotezalar orasida plazmaviy tuzilmalar, maxfiy harbiy ishlanmalar, shuningdek, yerdan tashqari sivilizatsiyalar mavjudligi ehtimoli ham bor.
AQSh va boshqa davlatlar NHHni oʻrganish uchun rasmiy idoralar tuzishgan:
• Project Blue Book (1952–1969) — 12 618 xabar yigʻilgan, ulardan faqat 701 tasi izohlanmagan holda qolgan.
• AATIP (2007–2012) — anomaliyalarni oʻrganishga qaratilgan maxfiy dastur boʻlib, 2017 yilda oshkor qilingan.
• NHH Task Force (2020, DoD) — xavfli hodisalarni kuzatish loyihasi boʻlib. 2021 yilgi hisobotda 144 holatdan 143 tasi izohlanmagan; jiddiy tahdid belgilari aniqlanmagan.
• AARO (All-domain Anomaly Resolution Office, 2022–) — zamonaviy idora boʻlib, 2024 yil mart oyida «oʻzga sayyoraliklarga xos texnologiyalar» yoki maxfiy dasturlar mavjudligiga dalil yoʻqligi haqida tarixiy sharh chiqardi.
• NASA NHHIST (2022–2023) — mustaqil ekspertlar guruhi boʻlib, tahlil metodologiyasi ustida ishladi, qatʼiy ilmiy yondashuvni tavsiya qildi. 2023 yil sentabr oyidagi yakuniy hisobotda oʻzga sayyoralarda hayot mavjudligi haqida maʼlumotlar yetarli emasligi aytiladi.
• Ilmiy hamjamiyat hozirda asosan koʻpqirrali kuzatishlar, sunʼiy intellekt, yoʻldosh monitoringi va statistik modellardan foydalanishga harakat qilmoqda. Masalan, Galileo loyihasi va xalqaro NHH kuzatish tashabbuslari shular jumlasidandir.
Guvohliklar va dalillar
Mintaqalar boʻylab NUJni kuzatish haqida minglab xabarlar mavjud, ammo ularning kichik qismi hujjatlar - video, foto, radiolokatsiya yozuvlari bilan tasdiqlangan. Ayrim holatlar - masalan, AQSh Dengiz floti qayd etgan «Tik-Tak» obʼekti hamon izohlanmagan. Biroq “uchar likopcha” kuzatilgani haqidagi xabarlarning aksariyati tabiiy yoki texnik sabablar bilan izohlanadi.
Talqinlar va taxminlar
NUJ fenomenini izohlovchi asosiy gipotezalar quyidagilardir:
1. Xato talqin — meteozondlar, dronlar, yoʻldoshlar, atmosfera hodisalari.
2. Harbiy texnologiyalar — oʻz davlati yoki xorijiy davlatning maxfiy ishlanmalari.
3. Izohlanmagan tabiiy hodisalar — masalan, gʻayrioddiy atmosfera fenomeni.
4. Yangi fizik hodisalar — asosiy ilmiy qiziqish uygʻotuvchi va hali nomaʼlum boʻlgan jarayonlar.
Idrok qilish psixologiyasi
Inson miyasi tasodifiy shakllardan maʼno izlashga moyil — bu hodisa «pareydoliya» deb ataladi. Masalan bulutlarni turli narsalarga oʻxshatganimiz kabi. Bundan tashqari, ommaviy madaniyat odamlarda tegishli kutilmalar uygʻotadi: inson koʻrishni xohlagan yoki qoʻrqqan narsasini koʻradi. «Greylar» — katta koʻzli gumanoidlar qiyofasi kino, kitoblar va guvohlarning tasvirlari orqali allaqachon arxetipga aylandi.
Madaniy taʼsir
NUJ qatʼiy ravishda ommaviy madaniyatga kirib keldi. «Uchinchi turdagi yaqin aloqalar»dan tortib, «Maxfiy materiallar»gacha — oʻzga sayyoraliklar nomaʼlumlik, qoʻrquv va umid metaforasiga aylandi. Turli madaniyatlarda ular turlicha - xudolar, jinlar yoki qutqaruvchilar sifatida talqin qilinadi. Yapon shahzodasi Kaguya, arab ertaklari va yunon afsonalari — bularning barchasi insonning boshqa dunyolar bilan aloqa qilish orzularini oʻzida aks ettiradi.
Falsafiy va etik savollar
Agar yerdan tashqari aql mavjudligi isbotlansa, bu antropotsentrizmni, diniy taʼlimotlarni va insoniyatning olamdagi oʻrni haqidagi tasavvurlarni shubha ostiga qoʻyadi. Boshqacha hayot shakllari bilan qanday muloqot qilish mumkin; Xavfsizlik va etik meʼyorlar qanday taʼminlanadi; Insoniyat bu sinovga tayyormi, degan savollar tugʻdiradi.
Xulosa
NUJ fenomeni — shunchaki sirli hodisa emas, balki inson qoʻrquvlari, orzulari va bilishga intilishining oynasi. Fan javob izlaydi, madaniyat obrazlar yaratadi, falsafa esa savollar beradi. Ehtimol vaqti kelib asl haqiqatni bilib olarmiz. Lekin hozircha faqat osmonni kuzatish bilan cheklanamiz.
Ufologiya (aniqrogʻi, NHHni oʻrganish) «soxta fan»dan akademik va rasmiy tan olingan qiziqish sohasiga koʻchdi. Zamonaviy texnologiyalar, ilmiy yondashuvlar va institutsional tuzilmalar (AARO, NASA NHHIST) anomal hodisalar tadqiqotining yangi bosqichini ochmoqda. Bu jarayonlarda esa faqat shov-shuv va sensatsiya emas, dalil ustuvor boʻlmoqda.
Kuzatilgan holatlarning koʻpchiligi oson ilmiy izohlanadi, ammo ayrimlari hamon izohsiz qolmoqda. Aynan shu holatlarga ilmiy kuchlarni yoʻnaltirish lozim.
Abulfayz Sayidasqarov