Navoiyda bir nechta sexlar faoliyati vaqtincha toʻxtatildi
Ular orasida “Navoiyazot” AJga tegishli sex ham bor. Viloyat ekologiya boshqarmasi arizasi Karmana tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan koʻrib chiqilgan.

Navoiyda ekologik vaziyat sabab qator sexlar faoliyati toʻxtatildi.
Navoiy shahridagi ekologik vaziyat shaxsan viloyat hokimining nazoratiga olinib, masʼullar bilan vaziyat qayta-qayta joyiga chiqib oʻrganildi.
Navoiy viloyati hokimi boshchiligida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi, viloyat prokuraturasi, IIB, Milliy gvardiya va mutasaddi tashkilot vakillaridan iborat Ishchi guruhi tuzilgan. Ular tomonidan joylardagi sanoat korxonalari faoliyati oʻrganildi, Ekologiya qoʻmitasi va Fanlar akademiyasidan olimlar chaqirtirilib, oʻzaro ilmiy yondashgan holda fikrlashish yigʻilishlari oʻtkazildi.
Toʻplangan materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga topshirilib, ish sudga oshirildi.
Navoiy viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasining arizasi Karmana tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan koʻrib chiqilib, “Navoiyazot” AJga tegishli 23-sex hamda "Navoiy Sogda kimyo zavodi"ning bir qancha sexlari faoliyatini vaqtincha toʻxtatish haqida qaror chiqarildi.
Shuningdek, Karmana tumanida oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilganligi aniqlangan, noqonuniy tarzda faoliyat yuritib kelayotgan ohak pishirish xumdonlari yuzasidan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan maʼmuriy ish qoʻzgʻatilib, belgilangan talablar bajarilmaganligi uchun tumandagi 28 ta xumdon buzib tashlandi.
Avgust oyi boshida ham Navoiyda havoning ifloslanishiga sabab boʻlayotgan oʻnlab korxonalar vaqtincha yopilgandi.
Ushbu korxonalarga 10 kunlik muddat berilgandi. Kamchiliklarini bartaraf etmagan 19 ta korxonalarni faoliyatini toʻxtatish boʻyicha sudga daʼvo arizalari kiritilgan.