Fargʻonada gaz taʼminoti boʻlimi rahbari qoʻlga olindi
U oʻnta xonadonni yuqori bosimli tabiiy gaz tarmogʻiga ulab berish evaziga pora talab qilgan. Yana bir holatda qurilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi ushlandi.

Fargʻonada gaz taʼminoti boʻlimi rahbari ushlandi.
Viloyatdagi tumanlardan birining gaz taʼminoti boʻlimi boshligʻi mansab vakolatini suiisteʼmol qilgan. U 10 ta xonadonni yuqori bosimli tabiiy gaz tarmogʻiga ulab berish evaziga har bir xonadondan 1000 AQSh dollaridan jami 10 000 AQSh dollari talab qilgan.
DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs soʻralgan pul mablagʻini oʻzining tanishi orqali olgan vaqtida ushlandi.
Taʼkidlash lozimki, tuman gaz taʼminoti boʻlimi rahbari muqaddam sudlangan boʻlsada oʻz xatosidan toʻgʻri xulosa chiqarmagan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Boshqa holatda esa Fargʻona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasining bosh mutaxassisi xizmat mavqeidan foydalangan holda, Quva tumanida joylashgan 4 sotix yer maydonida qurilishi tugallanmagan bino-inshootlarning hujjatlarini kadastr, arxitektura kabi mutasaddi tashkilotlarda ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga 5000 AQSh dollari talab qilgan.
DXX va IJQKD xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda bosh mutaxassis oldindan 1000 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Avval Surxondaryoda hokim yordamchisi, muhandis va qishloq xoʻjaligi masʼuli qoʻlga olingandi.
Sariosiyo tumanida hokim yordamchisi mansabdor tanishlari orqali hokimlik zaxirasidagi yerni ijaraga olib berish evaziga pul talab qilgan.