56,7 balldan kam toʻplaganlar davlat OTMlarida oʻqiy olmaydi
Avval bunday abituriyentlar mablagʻ toʻlab oʻqishi mumkin edi. Vazirlar Mahkamasi qarori bilan ushbu tartib bekor qilindi.

Endi 56,7 balldan kam toʻplaganlar davlat OTMlarida oʻqiy olmaydi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 578-sonli qarorida aytiladi.
Qaror 2025 yil 13 sentabr kuni eʼlon qilingan.
2017 yilda Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan minimal balldan (hozirda 56,7 ball) kam ball toʻplagan abituriyentlarga birinchi oʻquv yiliga amaldagi oshirilgan toʻlov-kontraktning taʼlim yoʻnalishi boʻyicha belgilangan eng yuqori miqdorining 2 barobariga teng toʻlovni amalga oshirish sharti bilan oʻqishga kirish huquqi berilgandi. Bu Vazirlar Mahkamasining 393-sonli qarorida belgilab qoʻyilgandi.
Yaʼni imtihonda 56,7 balldan kam toʻplagan abituriyentlar ham pulini toʻlab oʻqishi mumkin edi.
Xalq tilida bu “super-muper” kontrakt, deb ham atalgan.
Vazirlar Mahkamasining 578-sonli qarori bilan ushbu tartib bekor qilindi.
"Kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon)da toʻplagan ballari Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan minimal balldan kam boʻlmagan, belgilangan qabul parametrlari doirasida hamda qoʻshimcha qabul asosida qabul qilinmagan va oʻqish istagini bildirgan abituriyentlarga birinchi oʻquv yilida amalda oʻrnatilgan toʻlov-kontrakt miqdoriga nisbatan Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorida toʻlovni amalga oshirish sharti bilan oʻqishga kirish huquqi beriladi", deyiladi qarorda.
Oliy taʼlim tashkilotlariga qoʻshimcha va tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan talabalar birinchi oʻquv yilini muvaffaqiyatli tugatgandan soʻng keyingi oʻquv yilidan boshlab umumiy belgilangan tartibda oʻqishini davom ettiradi.