platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Donald Tramp bilan muzokaralar oʻtkazdi

Prezident AQSh yetakchisini oʻzi uchun qulay muddatda Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi. BMT bosh kotibi va qator davlat rahbarlari bilan ham uchrashuvlar oʻtkazildi. 

Shavkat Mirziyoyev Donald Tramp bilan muzokaralar oʻtkazdi

23 sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning muzokaralari boʻlib oʻtdi. Uchrashuv BMT bosh qarorgohida, tashkilot Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasida boʻlib oʻtdi.

Yetakchilar Oʻzbekiston-AQSh strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari va ustuvor yoʻnalishlarini batafsil muhokama qildilar.

Mintaqaviy va global ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Joriy yil 5 sentabr kuni boʻlib oʻtgan telefon orqali muloqot yakunida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi koʻrib chiqildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Prezident Donald Trampni ichki va tashqi siyosatni amalga oshirishdagi yuksak muvaffaqiyatlari bilan samimiy tabrikladi. Uning xalqaro va mintaqaviy miqyosdagi oʻtkir mojarolarni tinch yoʻl bilan hal etish borasidagi shaxsiy hissasi va saʼy-harakatlari alohida qayd etildi.

Oʻz navbatida, AQSh yetakchisi Yangi Oʻzbekistonda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, aholi farovonligini oshirish va xalqaro nufuzni yuksaltirishga qaratilgan ortga qaytmas islohotlarni yana bir bor qoʻllab-quvvatladi.

Turli darajalardagi siyosiy muloqot va almashinuvlar jadal rivojlanib borayotgani, ishbilarmonlik aloqalari faollashgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

AQSh Prezidenti kuni kecha Oʻzbekiston yetakchisining AQShning 50 dan ortiq yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan oʻtkazgan uchrashuv va muzokaralarining samarali natijalarini yuksak baholadi.

Fuqaro aviatsiyasi, togʻ-kon sanoati, muhim minerallar, moliya, innovatsiyalar, kimyo, energetika va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda shartnomalar va istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi.

Ushbu loyiha va kelishuvlar ikki mamlakatda oʻn minglab yangi ish oʻrinlarini yaratishi taʼkidlandi.

Muzokaralar yakunida davlatimiz rahbari Prezident Donald Trampni oʻzi uchun qulay muddatda Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Donald Trampning uchrashuvi ochiq, konstruktiv va doʻstona ruhda oʻtdi, deyiladi xabarda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 sentabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha milliy vazifalarni amalga oshirish doirasida BMT bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Antoniu Guterrishni BMTning yubiley sessiyasi bilan samimiy tabriklab, uning tashkilot tizimini zamonaviy voqelikka mos ravishda isloh qilish borasidagi tashabbuslarini qatʼiy qoʻllab-quvvatladi.

Oʻzbekiston va BMT sherikligida misli koʻrilmagan yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 160 dan ortiq dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Oktabr oyida besh yilga moʻljallangan yangi Hamkorlik dasturi imzolanishi kutilmoqda.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi. Oʻzbekiston EKOSOS, Inson huquqlari boʻyicha qoʻmita, Statistika komissiyasi kabi nufuzli tuzilmalarga aʼzo etib saylandi.

Oʻzbekiston tashabbusi bilan ertaga BMT bosh qarorgohida bolalar saratoni va boshqa ogʻir kasalliklarga qarshi kurashish boʻyicha yuqori darajadagi forum boʻlib oʻtadi. Samarqand shahrida YuNESKOning 43-Bosh konferensiyasiga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Antoniu Guterrish Oʻzbekiston Prezidentining Bosh Assambleyaning yubiley sessiyasidagi nutqiga yuksak baho berib, uning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt, yoshlar, maʼrifatparvar islom dini va boshqa sohalarda global hamkorlikni ilgari surish borasidagi tashabbuslari muhimligini alohida taʼkidladi.

Suhbat chogʻida dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida ustuvor yoʻnalishlarda keng koʻlamli sheriklikni rivojlantirish, hamkorlikning yangi dastur va loyihalarini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 sentabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining sessiyasi doirasida Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Oʻzbekiston-Koreya alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Keyingi yillarda oʻzaro hamkorlikda katta yuksalishga erishilgani, barcha darajalardagi almashinuv va muloqotlar jadallashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oʻzaro savdo koʻrsatkichlari barqaror oshib bormoqda. Koreya kompaniyalarining Oʻzbekiston iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari hajmi 8 milliard dollardan oshdi.

Yurtimizda Koreya yetakchi oliy taʼlim muassasalarining 4 ta filiali, mamlakatimiz hududlarida professional taʼlim markazlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi, Koreya Eksimbanki va uning fondlari bilan koʻp yillar davomida samarali sheriklik qilib kelinayotgani, loyihalarning umumiy portfeli 3,5 milliard dollarga yetganiga yuksak baho berildi.

Muhim xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, kimyo, mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi, transport, aviatsiya, biotexnologiyalar va boshqa ustuvor yoʻnalishlardagi loyihalarni ilgari surishni nazarda tutadigan yangi uzoq muddatli Texnologiya va sanoat sherikligi dasturini tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Shu maʼnoda, Hukumatlararo komissiyaning boʻlajak yigʻilishini samarali qilib oʻtkazish muhimligi qayd etildi.

Mintaqaviy, shu jumladan "Markaziy Osiyo - Koreya Respublikasi" formatida hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Koreya Prezidentini davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonga kelishga taklif etdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid