Millatimiz yetakchisi — Shavkat Mirziyoyev shaxsiyati va siyosatini qadrlashimiz kerak va shart
AQSh davlat kotibi Marko Rubioning rafiqasi Janet Rubio shoshilinch bizning Prezident bilan uchrashish uchun atay yetib kelibdi.

Shu kunlarda Prezidentimizning AQShga tashrifini oʻzgacha faxr va maroq bilan kuzatib boryapmiz. Uchrashuvlar, muloqotlar, muzokaralar... Uyqusiz, bedor pallalar...
“Prezidentimiz buncha kuch, iroda va shijoatni qayerdan olar ekan-a”, deb oʻylab qolasan kishi. Xalq, vatan kelajagi uchun qaygʻurish, bu yoʻlda oʻzini qiynash ham shunchalik boʻladimi, deb oʻylanasan baʼzida.

Hozir biz katta taraqqiyot yoʻlidamiz. Bu yoʻl oson boʻlmasligini avvalboshdanoq bilardik. Ammo ortga qaytmas tus olgan islohotlar shiddati va ularning siyosiy aurasi oradan koʻp oʻtmay, Mirziyoyev fenomeni sifatida butun dunyo boʻylab tarqalishini bundan 8-9 yil oldin bugungichalik tasavvur qilmaganimizni endi yashirmasak ham boʻlar.

Gap Yetakchimiz fenomeni haqida ketar ekan, bir gapni komil ishonch bilan ayta olamiz: Shavkat Mirziyoyev qatʼiyatli, bir soʻzli, Zomin togʻlaridek haybatli va irodali, Vatanini, xalqini sevadigan siyosiy figura.

Keling, shu oʻrinda, AQShga tashrif chogʻidagi bir vaziyatga toʻxtalamiz.
Amerikalik yirik kompaniyalar yetakchilari bilan uchrashuv boʻlayotgan bir paytda muzokaralar stolidan yana bir kishi uchun joy hozirlash taraddudi boshlandi. Maʼlum boʻlishicha, AQSh davlat kotibi Marko Rubioning rafiqasi Janet Rubio shoshilinch bizning Prezident bilan uchrashish uchun atay yetib kelibdi.

AQSh Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Serjio Gor mehmonni shunday tanishtirdi:
“Ruxsat bersangiz, hozirgina kelgan juda aziz va maxsus mehmonimizni tanishtiraman. U tom maʼnoda bizning maʼmuriyat uchun goʻyoki “maxfiy qurol”dir. Chunki uning davlat ishlariga taʼsir kuchi katta. Men unga hozir qayerda ekanimni aytganimda, u men ham Oʻzbekiston rahbari bilan muloqotda qatnashishim shart, deya darhol yetib keldi. Shuning uchun Janet Rubioni samimiy olqishlar bilan qarshi olsak”.

Bu nimadan dalolat? Oʻzbekiston dunyoga, dunyo Oʻzbekistonga ochilayotganidan sururli mujda shu emasmi axir!
Yoki boʻlmasa, Prezidentimizni AQShdagi vatandoshlarimiz Nyu-York koʻchalarida qoʻllarida bayrogʻimizni hilpiratgancha qanday koʻtarinki ruhda, havas va faxr bilan qarshi olganini aytmaysizmi?
Bu ham Yangi Oʻzbekistonning dunyoga tanilib borayotganidan, xalqimiz qaddi koʻtarilganidan yorqin dalolat emasmi?!

Bir soʻz bilan aytganda, Yetakchimizning AQShga tashrifi har jihatdan manfaatli kelishuvlarga boy boʻlmoqda. Shu bilan birga Oʻzbekiston yetakchisining global siyosatdagi nufuzini ham koʻrsatmoqda.
Masalan, davlatimiz rahbari bir kunning oʻzida AQShning 50 dan ortiq yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan oʻtkazgan uchrashuvlar va muzokaralarida bildirilgan fikrlar, eʼtiroflardan ham koʻrish mumkin.
AQSh rasmiylari va ishbilarmon doira vakillarida Oʻzbekiston Prezidenti bilan muloqot qilishga intilish ishtiyoqi sezilib turibdi. Bu endi alohida bir katta mavzu.
Bobur Jalolov, Platina.uz sayti bosh muharriri