Gʻazo, Ukraina va suv muammosi: Prezident BMT minbarida nutq soʻzladi
Oʻzbekiston yetakchisi BMT Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish tarafdori ekanini maʼlum qildi. Iqlim migratsiyasi muammosi boʻyicha jiddiy tashvish bildirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 80-sessiyasining umumiy munozaralarida nutq soʻzladi.
Davlat rahbari bugungi yigʻilish shiddat bilan oʻzgarayotgan murakkab global vaziyatda oʻtayotgani, bu esa Tashkilot faoliyati va uning kelajagiga yangicha yondashuvlar bilan qarashga chorlayotganini taʼkidladi.
"Hozirgi kunda dunyoda xalqaro institutlarning oʻrni va roli zaiflashmoqda, qarama-qarshilik, nizo va urushlar kuchaymoqda, texnologik va ijtimoiy tengsizlik keskin oshmoqda, iqtisodiy va gumanitar inqirozlar ortib bormoqda. Bularning hammasi mutlaqo yangi, xavotirli geosiyosiy voqelikni vujudga keltirmoqda.
Biz Bosh kotib Antoniu Guterrish Janobi Oliylarining eng ogʻir va oʻtkir global masalalarni murosa bilan hal etish uchun Tashkilotimizni asosiy platforma sifatida saqlab qolishga qaratilgan saʼy-harakatlarini yuksak baholaymiz.
Bu borada “BMT – 80” tashabbuslarini toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz, Kelajak uchun paktga qatʼiy sodiqligimizni tasdiqlaymiz. Biz zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish tarafdorimiz", - dedi Prezident.
Prezidentimiz nutqini davom ettirar ekan, pedagoglarning oʻzaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida Oʻzbekistonda Butunjahon professional taʼlim sammitini oʻtkazishni taklif etdi.
Shuningdek, mamlakatimizda ilgʻor sogʻliqni saqlash tizimi yaratilayotgani taʼkidlandi. Ertaga Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohida Oʻzbekiston tashabbusi bilan bolalar saratoni va boshqa ogʻir kasalliklarga qarshi kurashga bagʻishlangan yuqori darajadagi tadbir oʻtkaziladi. Prezident barcha xorijiy hamkorlarni ushbu tadbirga taklif etdi.
Yana bir muhim yoʻnalish – gender siyosati. Mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayoti va tadbirkorlik sohasida xotin-qizlarning rolini bundan buyon ham mustahkamlash maqsad qilingan. Oʻzbekiston keng mintaqamiz miqyosida Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirib, muntazam oʻtkazib borish tarafdori ekani qayd etildi.
"Bundan 8 yil muqaddam biz ushbu yuksak minbardan turib, Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik makoniga aylantirishga qatʼiy qaror qilganimizni eʼlon qilgan edik. Bugun chuqur mamnuniyat bilan taʼkidlash mumkin: biz bu strategik maqsadga erishdik. Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi", - dedi Oʻzbekiston Prezidenti.
“Global va mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanish haqida gapirganda, albatta Afgʻoniston toʻgʻrisida toʻxtalmaslik mumkin emas.
Afgʻon xalqining tinch va osuda hayotga boʻlgan intilishini qoʻllab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning saʼy-harakatlarini birlashtirish zarur. Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, bu davlatning yakkalanib qolishiga yoʻl qoʻymaslik oʻta muhimdir.
Biz Afgʻonistonda katta iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqchimiz. Ushbu mamlakat orqali xalqaro transport va energetika koridorlarini rivojlantirish boʻyicha Tashkilotimizning alohida rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz”, - dedi Prezidentimiz.
Gʻazo sektoridagi tobora keskin yomonlashib borayotgan gumanitar inqirozni ham eʼtibordan chetda qoldirib boʻlmasligi qayd etildi. Prezident harbiy harakatlarni toʻxtatish va siyosiy muzokaralarni davom ettirishga chaqirdi. Oʻzbekiston BMT rezolyutsiyalariga muvofiq, “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini amalga oshirishning qatʼiy tarafdori ekani taʼkidlandi.
“Ukraina atrofidagi vaziyat ham barchamizni jiddiy tashvishga solmoqda. Bu muammoni diplomatik yoʻllar bilan hal etish boʻyicha yuqori darajadagi muloqotlar boshlanganini olqishlaymiz”, - dedi Prezidentimiz.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tobora oʻtkir tus olayotgan iqlim oʻzgarishi muammolariga ham alohida toʻxtaldi.
Jumladan, Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari jahon hamjamiyatining doimiy diqqat markazida boʻlishi lozimligi aytildi. Oʻzbekiston Orolboʻyi ekotizimini qayta tiklash boʻyicha ishlarni izchil davom ettirmoqda.
Soʻnggi yillarda dengizning qurigan tubida 2 million gektar maydonda shoʻrga chidamli choʻl oʻsimliklari ekildi. 2030 yilgacha ushbu hududning 80 foiz qismida yashil qoplamalar hosil qilinadi.
Yana bir muhim muammo – bu suv resurslarining taqchilligidir. Hozirda dunyo aholisining ikki milliarddan ortigʻi toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega emas.
“Biz mamlakatimizda Suvni tejash boʻyicha butunjahon forumini oʻtkazishni rejalashtirganmiz. Mazkur anjuman yakunlari boʻyicha Suv inqirozini barqaror taraqqiyot uchun jiddiy tahdid sifatida belgilash moʻljallanmoqda.
Ekologik oʻzgarishlarning yana bir salbiy koʻrinishi – iqlim migratsiyasining kuchayib borayotganidir. Afsuski, ushbu yoʻnalishda aniq xalqaro mexanizmlar va huquqiy baza hanuzgacha yaratilmagan. Biz bu jiddiy masalada keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish boʻyicha Global pakt qabul qilish tarafdorimiz”, - dedi Prezident.
Suv resurslarining taqchilligi muammosiga toʻxtalar ekan, Prezidentimiz Oʻzbekistonda Suvni tejash boʻyicha butunjahon forumini oʻtkazish rejalashtirilganini taʼkidladi. Mazkur anjuman yakunlari boʻyicha Suv inqirozini barqaror taraqqiyot uchun jiddiy tahdid sifatida belgilash va bu borada global darajada innovatsiya texnologiyalarini joriy etish uchun alohida “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish moʻljallanmoqda.
Ekologik oʻzgarishlarning yana bir salbiy koʻrinishi – iqlim migratsiyasining kuchayib borayotganidir. Prezidentimiz ushbu yoʻnalishda aniq xalqaro mexanizmlar va huquqiy baza hanuzgacha yaratilmaganini qayd etdi. Shu munosabat bilan bu jiddiy masalada keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish boʻyicha Global pakt qabul qilishga chaqirdi.
Avvalroq prezident AQShda Donald Tramp va boshqa siyosatchilar bilan uchrashgandi.