UYeFA Isroilni xalqaro musobaqalardan chetlatishi mumkin
Bunga Gʻazodagi urush sabab qilib keltirilgan. Agar chetlatish amalga oshsa, Isroil yevrokuboklar va JCh yoʻllanmasi uchun kurashdan chiqib ketadi.

UYeFA Ijroiya qoʻmitasi 23 sentabr, seshanba kuni Isroil terma jamoasi va uning klublarining barcha yevrokuboklardan chetlatish uchun ovoz berishi mumkin.
Israel Hayom nashriga koʻra, Qatar Dohaga hujumdan soʻng UYeFA aʼzolariga bosimni oshirib, Isroilni chetlatish uchun tashabbusda muhim rol oʻynagan. Aksariyat davlatlar bu harakatni qoʻllab-quvvatlamoqda, faqat 2-3 Yevropa vakili bunga qarshi. Ular orasida Germaniya va Buyuk Britaniya ham bor.
Isroil futbol assotsiatsiyasi oʻz ittifoqchilari bilan muzokara olib bormoqda, masalaning yigʻilish kun tartibiga kiritilishiga yoʻl qoʻymaslikka harakat qilmoqda.
Agar diskvalifikatsiya qarori qabul qilinsa, Isroil klublari, jumladan Tel-Avivning "Makkabi" klubi bu mavsumda yevrokuboklarda ishtirok etish imkoniyatini yoʻqotishi mumkin.
Qolaversa, Isroil terma jamoasi JCh-2026 saralash bosqichidan chetlashtiriladi, bu jamoa hozirda I guruhida uchinchi oʻrinni egallab turibdi va hali ham imkoniyati mavjud.
Avvalroq agar Isroil terma jamoasi saralashdan oʻtsa, Ispaniya JCh-2026dan chiqib ketishi haqida ham xabarlar tarqalgandi.
Eslatib oʻtamiz, ayni damda Rossiya termasi Ukrainaga hujum sabab yevrokuboklardan chetlatilgan.