platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev AQShda turli arboblar, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazdi

Ular orasida AQShning yetakchi kompaniyalari rahbarlari, xalqaro moliya tashkilotlari yetakchilari va boshqalar bor. “NASDAQ” birjasi raisi bilan "Toshkent" fond birjasini modernizatsiya qilish rejalari koʻrib chiqildi. 

Shavkat Mirziyoyev AQShda turli arboblar, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 sentabr kuni Nyu-York shahrida Xalqaro valyuta jamgʻarmasi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyevani qabul qildi.

Ushbu nufuzli global tuzilma bilan sheriklikni kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

XVJ rahbari Kristalina Georgiyeva Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanishlarga yuksak baho berib, ortga qaytmas islohotlarni qatʼiy qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.

Jamgʻarma bilan makroiqtisodiy siyosat, byudjet va soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish sohalarida samarali hamkorlik qilinayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Mutaxassislarimiz XVJ markazlarida muntazam ravishda malaka oshirish dasturlaridan oʻtmoqda. Joriy yilda mamlakatimiz moliya sohasining barqarorligi birgalikda baholandi va "yoʻl xaritasi" qabul qilindi.

Uchrashuv davomida pul-kredit va fiskal siyosatni rivojlantirish, statistika tizimini transformatsiya qilish boʻyicha jamgʻarmaning ekspertlik koʻmagini davom ettirish, shuningdek, iqtisodiy idoralar xodimlari uchun oʻquv dasturlarini kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga tashrifi chogʻida oʻzi uchun ajratilgan qarorgohda AQShning yetakchi kompaniyalari rahbarlarini qabul qildi.

Delegatsiya tarkibida uchrashuvda “Traxys” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Alan Dokter, Kolorado geologiya maktabi vitse-prezidenti Jon Bredford, “FLSmidth” kompaniyasi katta vitse-prezidenti Piter Flanagan, “McKinsey” kompaniyasining katta hamkori va Markaziy Osiyo boʻyicha ofisi rahbari Yermolay Soljenitsin va “Go Green Partners” kompaniyasi bosh direktori Mixail Sedoy qatnashdi.

AQShning ushbu yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishning amaliy jihatlari koʻrib chiqildi.

“Traxys” muhim xomashyo va minerallar, shu jumladan energetik oʻtish uchun zarur boʻlgan xomashyo va minerallarni yetkazib berish boʻyicha jahon yetakchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniya bilan birgalikda geologiya-qidiruv va konlarni oʻzlashtirish sohasida 1 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirilgan. Muhim minerallarni qazib olish, qayta ishlash va barqaror yetkazib berish zanjirlarini yaratish sohasida ilgʻor texnologiyalar va bilimlarni joriy etish boʻyicha bitim va "yoʻl xaritasi" qabul qilindi.

Kolorado konchilik maktabi togʻ-kon sanoati uchun mutaxassislar tayyorlash boʻyicha yetakchi muhandislik universitetidir.

Ushbu taʼlim muassasasi bilan Oʻzbekiston geologiya fanlari universiteti qoshida Kompetensiyalar markazini tashkil etish masalasi ishlab chiqilmoqda.

“FLSmidth” togʻ-kon va boyitish sanoati uchun texnologiyalar va uskunalarni ishlab chiqish bilan shugʻullanadi. Kompaniya mamlakatimiz mis sanoatini rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda.

“McKinsey” togʻ-kon sanoati korxonalarini boshqarish, konsalting va strategik rivojlantirish sohasida ilgʻor kompaniya hisoblanadi. Kompaniya bilan birgalikda mamlakatimiz xomashyo bazasini rivojlantirish, togʻ-kon sanoati quvvatlarini kengaytirish va uni chuqur transformatsiya qilish strategiyasi tayyorlandi.

“Go Green Partners” "yashil" energetika uchun muhim minerallarni qazib olish va qayta ishlashga sarmoya kiritishga ixtisoslashgan. Kompaniya istiqbolli maydonlarda geologik qidiruv ishlarini olib borishni rejalashtirmoqda.

Mazkur kompaniyalarning umumiy kapitallashuvi 20 milliard AQSh dollaridan oshadi.

Loyihalarni jadallashtirish va yangi takliflar tayyorlash maqsadida qoʻshma ishchi guruh tuzish va "yoʻl xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga amaliy tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida "Blackrock" investitsiya kompaniyasi direktorlar kengashi aʼzosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesini qabul qildi.

“Blackrock” – Amerikaning aktivlar va fondlarni boshqarish, shuningdek, moliyaviy xizmatlar koʻrsatishga ixtisoslashgan yirik investitsiya kompaniyasi. Kompaniya aktivlari 11 trillion AQSh dollaridan oshadi.

AQShning yetakchi kompaniyasi bilan strategik sheriklikni, eng avvalo, energetika, transport va suv infratuzilmasini rivojlantirish sohalarida yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Qoʻshma fond tashkil etish rejalari qoʻllab-quvvatlandi. Tez fursatda Platforma konsepsiyasi kelishiladi va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boshlanadi.

Nyu-York shahriga amaliy tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Ajay Bangani bank faoliyatidagi rivojlanayotgan mamlakatlarning iqtisodiy oʻsishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan muvaffaqiyatli islohotlar bilan tabrikladi.

Oʻz navbatida, Jahon banki rahbari mamlakatimizda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlar natijalarini yuqori baholadi.

Jahon banki guruhi bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Keyingi yillarda ushbu global moliyaviy institut bilan, eng avvalo, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar doirasidagi ustuvor dastur va loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va ilgari surishda hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mamlakatimiz bankning Yevropa va Markaziy Osiyodagi eng yirik hamkorlaridan biridir. Qoʻshma loyihalar portfeli 14 milliard dollardan oshdi. Toshkentda Jahon bankining mintaqaviy ofisi ochildi. Yaqinda Namangan shahrida oʻtgan "Kambagʻallikdan farovonlik sari" III xalqaro forumi yakunlari yuksak baholandi.

Davlatimiz rahbari amaldagi Sheriklik dasturida asosiy eʼtiborni barqaror oʻsishni taʼminlashga, loyihalarni jadal, sifatli va samarali amalga oshirishga qaratish muhim ekanini taʼkidladi.

Kambagʻallikka qarshi kurashish, xotin-qizlar va yoshlar uchun ish oʻrinlari yaratish, yangi "Namunali mahalla" modeli asosida hududlarni kompleks rivojlantirish, qishloq infratuzilmasi, xususiy sektor loyihalarini qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish, davlat aktivlarini xususiylashtirish masalalarida ekspertlik koʻmagi, iqtisodiyotni karbonsizlashtirish va moliya sohasini transformatsiya qilish strategiyasini amalga oshirish kabi yoʻnalishlar ustuvor etib belgilandi.

Bank Markaziy Osiyo mintaqasidagi strategik infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surishda ishtirok etishi muhimligi qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga tashrifi doirasida AQShning eng yirik moliyaviy korporatsiyasi – “Citigroup” raisi Jon Duganni qabul qildi.

“Citigroup” bank, investitsiya va moliya xizmatlarini koʻrsatishga ixtisoslashgan. Uning bozor kapitallashuvi 100 milliard AQSh dollaridan ortiqni tashkil etadi, kompaniya umumiy qiymati 2,3 trillion AQSh dollaridan ziyod boʻlgan aktivlarni boshqaradi.

Uchrashuvda korporatsiya bilan hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

“Citigroup” koʻmagida Oʻzbekiston banklari va davlat korxonalarining obligatsiyalari xalqaro fond bozorlarida muvaffaqiyatli joylashtirildi. Toshkentda kompaniyaning ofisi ochildi.

Yirik davlat korxonalari boʻyicha IPO bitimlarini tayyorlash va tuzish, yevroobligatsiyalar chiqarish, mamlakat reytingini oshirishni taʼminlash uchun maslahat yordamini koʻrsatish, shuningdek, moliyaviy yechimlarni ishlab chiqish va savdoni moliyalashtirishning yangi vositalarini ishga tushirish borasida hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Korporatsiya bilan oʻzaro manfaatli sheriklikni kengaytirish boʻyicha "yoʻl xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida “NASDAQ” fond birjasi raisi Adena Fridman bilan uchrashuv oʻtkazdi.

“NASDAQ” - 30 trillion AQSh dollaridan ortiq aktivlarni boshqaruvchi dunyodagi yetakchi moliya bozori operatorlaridan biri.

"Toshkent" fond birjasini modernizatsiya qilish, davlat obligatsiyalari savdosi uchun yaxlit infratuzilma yaratish rejalari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Oppenheimer Holdings” kompaniyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori Robert Loventalni qabul qildi.

“Oppenheimer” - Amerikaning mustaqil investitsiya banki boʻlib, dunyo miqyosida investitsiya va bank xizmatlari, moliyaviy maslahat, kapital bozorlari va aktivlarni boshqarish xizmatlarini taqdim etadi.

Xoldingning Oʻzbekistonda xususiy biznes loyihalarini rivojlantirish va yevrobondlar chiqarishga qoʻshayotgan hissasi qayd etildi. Xususiy sektorni moliyalashtirish dasturlarini kengaytirish rejalari qoʻllab-quvvatlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida AQShning yetakchi kompaniyalari, investitsiya jamgʻarmalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan davra suhbati oʻtkazdi.

Tadbirda AQSh Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Serjio Gor, global sherikliklar boʻyicha maxsus vakili Paolo Zampolli, savdo vaziri oʻrinbosari Uilyam Kimmitt, Amerika - Oʻzbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, “Franklin Templeton”, “Citigroup”, “BNY Mellon”, “NASDAQ”, “Boeing”, “Mastercard”, “Visa”, “General Motors”, “Nvidia”, “Oppenheimer”, “Jefferies”, “Air Products”, “Traxys”, “FLSmidth”, “GoGreen Partners”, “Cleveland Clinic”, “Cargill” kabi kompaniyalarning top-menejerlari hamda Oʻzbekistonning yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan yaqinda boʻlib oʻtgan muloqotda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan salmoqli loyihalar portfelini shakllantirishga kelishib olinganini alohida taʼkidladi. Shu munosabat bilan mazkur uchrashuv ushbu vazifalarni ilgari surishda alohida ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston va AQShning koʻp qirrali hamkorligi yuksak darajaga koʻtarildi. Tovar ayirboshlash hajmi 8 yilda 4 barobar oshdi. AQShning 300 dan ortiq kompaniyasi Oʻzbekistonga sarmoya kiritdi.

“Franklin Templeton” bilan birgalikda Milliy investitsiya jamgʻarmasi tashkil etildi.

Muhim minerallarni qayta ishlash va barqaror yetkazib berish zanjirlarini shakllantirish, AT, sunʼiy intellekt, raqamlashtirish, transport, energetika va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, "aqlli" qishloq xoʻjaligi, ilgʻor texnologiyalarni joriy qilish va koʻplab boshqa sohalarda aniq loyihalarni ilgari surish iqtisodiy va innovatsion sheriklikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida qayd etildi.

Oʻz navbatida, AQShning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari Oʻzbekiston Prezidentiga ularning samarali faoliyati uchun yaratilgan qulay sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, ushbu tarmoqlarda muhim loyiha va dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etish rejalarini bayon qildilar.

AQShning yetakchi kompaniyalari, investitsiya fondlari va moliya institutlari rahbarlari bilan oʻtkazilgan davra suhbatidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSh Prezidentining maxsus vakili Serjio Gor huzurida ikki tomonlama bitimlarni almashish marosimi boʻldi.

Xususan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik loyihalarini amalga oshirish boʻyicha quyidagi hujjatlar imzolangan:

- Transport vazirligi va "Boeing" kompaniyasi oʻrtasida transport sohasida uzoq muddatli hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

- "Texnopark" MChJ va "FLSmidth" kompaniyasi oʻrtasida togʻ-kon uskunalarini ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etish toʻgʻrisida bitim;

- "Akfa group" va "Cleveland Clinic" oʻrtasida koʻp tarmoqli klinika va taʼlim muassasasini tashkil etish toʻgʻrisida bitim;

- "Centrum Air" aviakompaniyasi va "Oppenheimer" investitsiya kompaniyasi oʻrtasida oʻzaro sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

- Iqtisodiyot va moliya vazirligi va "Citigroup" kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

- "Oʻzbekgidroenergo" AJ va "Cargill Financial Services International" kompaniyasi oʻrtasida moliyaviy hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

- "Oʻztransgaz" AJ va "Pangea Filtration Technology" kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

- Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda "Cove Capital" kompaniyasi oʻrtasida istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish toʻgʻrisida bitim;

- "Yangi Kon" MChJ va "SLB" kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

- Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi bilan "Biologic International" kompaniyasi oʻrtasida sunʼiy intellekt va biotexnologiyalar sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun jamgʻarmalar tashkil etish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida bitim.

BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Mamlakatimizning JSTga aʼzo boʻlishi borasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlashning dolzarb jihatlari koʻrib chiqildi.

Ushbu xalqaro tashkilotga aʼzo mamlakatlar bilan muzokaralar surʼati mamnuniyat bilan qayd etildi.

JST meʼyorlari va qoidalariga muvofiq milliy qonunchilikni, shu jumladan texnik jihatdan tartibga solish va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi qonun hujjatlarini uygʻunlashtirish boʻyicha faol ishlar olib borilmoqda.

Joriy yil noyabr oyida boʻlib oʻtadigan Ishchi guruhning navbatdagi yigʻilishi natijadorligini taʼminlash, shuningdek, 2026 yilda muzokaralar yakunlanishi va mamlakatimiz tashkilotga qoʻshilishi muhim ekani taʼkidlandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid