Kadastr agentligi koʻchmas mulklar boʻyicha xatolik sabab murojaat yoʻlladi
Barcha maʼlumotlarni yagona tizimga birlashtirish jaryonida ayrim fuqarolar nomiga aslida ularga tegishli boʻlmagan mulklar birikib qolgan.

Kadastr agentligi fuqarolarni koʻchmas mulkka egalik tizimidagi nosozlikdan ogohlantirdi.
Oʻzbekistonda 8 mln.dan ortiq koʻchmas mulk obʼektlari mavjud boʻlib, avval mazkur koʻchmas mulklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bir nechta shakllar va tizimlarda yuritib kelingan.
Hozirda barcha maʼlumotlarni yagona tizimda birlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Eski tizimlarda maʼlumotlar INNga bogʻliq holatda yuritilgan boʻlib, yagona tizimda maʼlumotlar JShShIR (PNFL) bilan bogʻlangan. Bu jarayonda (inson omilisiz) fuqarolarga tegishli boʻlmagan begona koʻchmas mulk, uning nomiga birikib qolgan boʻlishi mumkin.
Shu bilan birga, hozirda Oʻzbekiston Respublikasining 937-son qonuni boʻyicha yalpi xatlov amalga oshirilib, maʼlumotlarni UzKAD axborot tizimiga toʻliq olib oʻtish jarayonida bu kabi va boshqa masalalar bartaraf qilib kelinmoqda.
Bu kabi xato va kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida, Kadastr agentligining 1097 qisqa raqamiga qoʻshimcha malakali xodimlar jalb etilib, muammoni qisqa vaqtda ijobiy hal etish choralari koʻrilmoqda.
"Sizda yoki yaqinlaringizda bu kabi muammolar kuzatilgan taqdirda Kadastr agentligining 1097 qisqa raqami yoki Davlat kadastrlari palatasining @Dkpuz_bot telegram boti orqali biz bilan bogʻlanishingizni soʻraymiz. Xatolik tez fursatlarda va bepul bartaraf etilishi taʼminlanadi", deyiladi agentlik xabarida.
Fuqarolardan my.gov.uz; davreestr.uz; open.ngis.uz saytlarida avtorizatsiyadan oʻtgandan keyin, mening mulkim boʻlimiga kirib maʼlumotlarni tekshirib koʻrish tavsiya etilgan.