platina.uz
Iqtisod

2,5 mlrd soʻmga yaqin davlat xaridlarida qonunbuzarlik aniqlandi

Chinoz tumani tibbiyot birlashmasi tomonidan oʻtkazilgan 1,2 mlrd soʻmlik tanlovda raqobat qoidalari buzilgan. Shunday holat Milliy rassomlik va dizayn institutida ham qayd etilgan. 

2,5 mlrd soʻmga yaqin davlat xaridlarida qonunbuzarlik aniqlandi

Raqobat qoʻmitasi tomonidan umumiy 2,5 mlrd soʻmga yaqin davlat xaridlarida qonunbuzarlik holatlari aniqlanib, tegishli choralar koʻrildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi

Raqobat qoʻmitasiga kelib tushgan murojaat asosida Qonlikoʻl tumani tibbiyot birlashmasi tomonidan amalga oshirilgan tanlov savdosi oʻrganilganda Buyurtmachi tomonidan 250 000 000 soʻmlik davlat xaridi boʻyicha oʻtkazilgan tanlash savdolarida qonunbuzilishga yoʻl qoʻyilgan.

Qoʻmita tomonidan Qonlikoʻl tumani mazkur tibbiyot birlashmasiga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, tanlash savdosini bekor qilish boʻyicha koʻrsatma berildi. Shuningdek, mansabdor shaxslarga maʼmuriy chora koʻrish yuzasidan tegishli maʼlumotlar sud organlariga yuborildi.

Samarqand viloyati

Hududiy boshqarma tomonidan Paxtachi tumani 1-son politexnikumi tomonidan 70 mln soʻmga yaqin qurilish materiallarini xarid qilish boʻyicha oʻtkazilgan davlat xaridlari yuzasidan oʻrganishlar olib borilganda “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilgani aniqlandi.

Natijada Maxsus komissiya tanlov savdosi natijasini haqiqiy emas deb topgan hamda kelgusida qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma bergan. Shuningdek, mansabdor shaxslarga maʼmuriy chora koʻrish yuzasidan tegishli maʼlumotlar sud organlariga yuborildi.

Toshkent viloyati

Hududiy boshqarma tomonidan “MEGA TEX MADINABONU” MChJning Chinoz tumani tibbiyot birlashmasi “Chinoz tuman tibbiyot birlashmasida kompleks tayyor issiq ovqat bilan taʼminlash xizmati” boʻyicha boshlangʻich narxi 1 mlrd. 200 mln soʻmga yaqin oʻtkazilgan tanlovi yuzasidan oʻrganishlar olib borildi.

Oʻrganishlarda mazkur davlat xaridida raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlar, shu jumladan, savdolarni oʻtkazishning qonunchilikda belgilangan tartibini buzish taqiqlanishi boʻyicha talablari buzilganlik holatlari mavjudligi aniqlandi.

Natijada Maxsus komissiya tomonidan Chinoz tumani tibbiyot birlashmasiga belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi. Shuningdek, mansabdor shaxslarga maʼmuriy chora koʻrish yuzasidan tegishli maʼlumotlar sud organlariga yuborildi.

Toshkent shahar

Hududiy boshqarma tomonidan “Monument Stroy” MChJning murojaati asosida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining oʻtkazgan boshlangʻich narxi 971 mln soʻmdan ortiq tender savdosida qonunchilik talablariga rioya etilganlik holati oʻrganildi.

Natijada, mazkur oliy taʼlim muassasasi tomonidan oʻtkazilgan tanlov savdosida qonun talablari buzilgani aniqlanib, holat yuzasidan Buyurtmachiga nisbatan ish qoʻzgʻatildi. Maxsus komissiya tomonidan tegishli qaror va koʻrsatma berilishi bilan birga, qonunbuzilish holatiga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga maʼmuriy chora koʻrish yuzasidan tegishli maʼlumotlar sud organlariga yuborildi.

Avvalroq 8 mlrd soʻmdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzarlik aniqlangandi.

Romitan tuman tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligidagi 4,6 mlrd soʻmlik tenderda baholash mezonlari buzilgan. Tibbiyot birlashmasiga nisbatan ish ochilgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid