Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar qatʼiy nazoratga olinadi
2026—2030 yillar “Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri” deb eʼlon qilinadi. Aholiga kunlik toʻgʻri ovqatlanish boʻyicha tushuntirishlar olib boriladi.

Oʻzbekistonda “Oqilona isteʼmol” dasturini amalga oshirish doirasida toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar belgilangan tartibda oʻtkazilishi qatʼiy nazoratga olinadi.
Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 16 sentabrda eʼlon qilingan 589-son qarorida maʼlum qilingan.
Hujjatga koʻra, 2026—2030 yillar “Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri” deb eʼlon qilinadi. Bunda aholi ehtiyojiga yetarli darajada va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish hamda ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish choralari koʻriladi.
Aholiga toʻgʻri ovqatlanish qoidalari boʻyicha tushuntirish olib boriladi. Oziq-ovqat mahsulotlaridan hosil boʻlgan chiqindilar qayta ishlash korxonalariga yuboriladi.
Investitsiya vazirligi umumiy ovqatlanish korxonalarida hosil boʻlgan chiqindilarni yigʻib olish, qayta ishlash va utilizatsiya uchun investitsiya mablagʻlarini jalb etish choralarini koʻradi.
"Oʻzsuvtaʼminot" 2026 yil 1 iyuldan yogʻ-moy qoldiqlarini tutib olishga imkon beruvchi qurilmalarga ega boʻlgan ovqatlanish korxonalarini markazlashgan oqava suv tarmogʻiga ulanishiga ruxsat beradi. Ovqatlanish korxonalariga gaz yoki boshqa yoqilgʻilarning atmosferani ifloslantiruvchi moddalarini ushlab qoluvchi uskunalarni oʻrnatish choralari koʻriladi.
Ekologiya vazirligi uch oy muddatda normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga moslashtirish choralarini koʻradi.