Bakalavriat yoʻnalishlarida vakant qolgan oʻrinlar uchun tanlov oʻtkaziladi
Bunda 56,7 ball va undan yuqori natija koʻrsatgan, roʻyxatdan oʻtishning ikkinchi bosqichida OTM va bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarini tanlamagan abituriyentlarga imkon beriladi.

Abituriyentlar uchun oliy taʼlimga kirish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlar belgilandi.
Oʻzbekiston taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi majlisining tegishli bayoni tasdiqlandi.
Unga koʻra:
-bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida vakant qolgan oʻrinlar uchun tanlov oʻtkaziladi. Bunda 56,7 ball va undan yuqori natija koʻrsatgan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan, shu jumladan roʻyxatdan oʻtishning ikkinchi bosqichida oliy taʼlim tashkiloti va bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarini tanlamagan abituriyentlarga ham imkoniyat yaratiladi;
-kirish imtihonlari natijalariga koʻra abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirish imkoniyati yaratiladi;
-respublikada faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga davlat buyurtmalari tasdiqlandi;
-Qoraqalpogʻiston yoshlari uchun qoʻshimcha grant va toʻlov-kontrakt oʻrinlari ajratildi.
Shuningdek, Prezident granti uchun ajratilgan kvotalarning taʼlim sohalari boʻyicha taqsimoti hamda davlat oliy taʼlim tashkilotlarining magistratura mutaxassisliklariga tanlov natijalari tasdiqlandi.
Mazkur qaror abituriyentlar uchun oliy taʼlimga kirish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini oshirishga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, 14 avgust kuni 2025/2026 oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish test sinovlari boʻyicha tanlov natijalari eʼlon qilingandi.