Tramp AQShda ishlamoqchi boʻlgan xorijliklar uchun 100 ming dollardan pul undirish boʻyicha farmonni imzoladi
Bu H-1B ishchi vizasiga taalluqli. Katta toʻlov sabab kompaniyalar xorijliklarni ishga olmasligi mumkin.

AQSh prezidenti Donald Tramp H-1B ishchi vizasi dasturi uchun ariza beruvchilardan yillik 100 ming dollar yigʻim undirish haqidagi farmonni imzoladi.
BBC'ga intervyu bergan ekspertlar bu qaror “Amerikaning texnologiya sohasida raqobatbardoshligiga putur yetkazishidan” qoʻrqishadi.
Shu bilan birga, Oq uy rahbari AQShda doimiy yashash uchun 1 million dollar toʻlashga qodir boʻlgan shaxslar uchun “oltin karta” yaratish toʻgʻrisidagi buyruqni imzoladi.
Trampning farmonida H-1B ishchi vizasi dasturini “suiisteʼmol qilish” boʻyicha gap boradi. Kerakli $100 000 toʻlovni toʻlamaslik kirish cheklovlariga olib keladi.
Tanqidchilar uzoq vaqtdan beri H-1B vizalari Amerika mehnat bozoriga putur yetkazishini taʼkidlab kelishgan, dastur tarafdorlari esa, jumladan, milliarder Ilon Mask ham Qoʻshma Shtatlarga butun dunyodan eng yaxshi isteʼdodlarni jalb qilish imkonini beradi, deyishadi.
Trampning buyrugʻi 21 sentabrdan kuchga kiradi, u faqat yangi arizalarga taalluqli boʻladi, biroq AQSh savdo vaziri Govard Lutnikning soʻzlariga koʻra, kompaniyalar har bir arizachi uchun olti yil davomida bir xil miqdorda toʻlashlari kerak.
"Kompaniyalar qaror qabul qilishlari kerak ... bu odam hukumatga yiliga 100 000 dollar toʻlash uchun qimmatlimi yoki ular amerikalikni yollashlari kerakmi", dedi u. Vazirning aytishicha, "barcha yirik kompaniyalar bu gʻoyani qoʻllab-quvvatlaydi".
Hozirgacha H-1B vizalari umumiy qiymati taxminan 1500 dollarni tashkil qiluvchi turli maʼmuriy toʻlovlarni oʻz ichiga olgan.
AQSh Fuqarolik va Immigratsiya Xizmati maʼlumotlariga koʻra, keyingi moliyaviy yil uchun H-1B vizasiga arizalar soni taxminan 359 000 taga kamaydi, bu toʻrt yillik eng past koʻrsatkichdir.
AQShda yashovchi oʻzbekistonlik Behzod Mamadiyevga koʻra, bu qaror orqali "xorijliklarning AQShda ishlashi sarobga aylanadi".
"Bu nimaga olib keladi? AQShDA qolib ishlash orzusi koʻpchilik uchun de fakto ushalmas orzuga aylanadi. AQShGA keladigan xorijlik talabalar soni kamayishi mumkin. AQSh kompaniyalariga ish uchun ariza topshiradigan xorijliklar soni ham sezilarli darajada qisqaradi, chunki umid yoʻq, deb oʻylashadi. Amerikaning texnologiya kompaniyalari ishga yollaydigan xorijliklar soni keskin tushib ketadi. Bu orada qancha talantlar, boʻlajak Ilon Mask, Satya Nadella va Sundar Pichay kabi geniylar kashf qilinmay qolib ketadi. Bugun Amerikadagi innovatsiyalar markazida turgan bu shaxslar bir paytlar AQShda "H-1B" vizasi bilan ishlagan. Xullas, Amerika yutqazadi", deb yozadi u.