Sherzod Asadov BMT masʼullari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi
Strategik kommunikatsiyalar, media bilan hamkorlik va jurnalistlar uchun taʼlim dasturlarini yanada kengaytirish muhokama etildi.

Oʻzbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov Nyu-York shahrida BMT Bosh kotibining global kommunikatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari Melissa Fleming bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqotda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijobiy oʻzgarishlar va islohotlar alohida taʼkidlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizning xalqaro nufuzi sezilarli darajada oshgani, ommaviy axborot vositalari erkinligi, ochiqlik va axborotdan foydalanish sohasida katta yutuqlarga erishilgani qayd etildi.
Uchrashuvda BMT doirasidagi Barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surish, yolgʻon axborot tarqalishiga qarshi kurashish va yoshlarni global tashabbuslarga jalb etishga qaratilgan muhim loyihalar va kampaniyalar muhokama qilindi. Shuningdek, strategik kommunikatsiyalar, media bilan hamkorlik va jurnalistlar uchun taʼlim dasturlarini yanada kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari — Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini UN Academic Impact dasturiga kiritish muhim ahamiyat kasb etishi, bu talabalar va tadqiqotchilarga taʼlim va ilmiy izlanishlar boʻyicha global tashabbuslarda ishtirok etish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishi taʼkidlandi.
Shuningdek, yolgʻon axborotga qarshi kurashish, yosh jurnalistlarni tayyorlash va BMTning xalqaro stajirovkalarida ishtirokini taʼminlash borasida hamkorlik istiqbollari koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunida qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish va BMT Global kommunikatsiyalar departamenti vakillarining Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan tadbirlarda faol ishtirokini taʼminlash yuzasidan kelishuvga erishildi.
Asadov Nyu-York shahrida BMT Bosh kotibining yordamchisi – BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrik bilan uchrashuv oʻtkazgan. Suhbat chogʻida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qilingan.

Oʻzbekiston va BMTning qoʻshma tadbirlarini, jumladan oliy darajadagi tashriflarni axborot bilan taʼminlash va yoritish jarayonida xizmatlarimiz doimiy ravishda yaqin hamkorlik qilib kelayotgani, oʻzaro qoʻllab-quvvatlash anʼanaga aylanganini mamnuniyat bilan qayd etilgan.
"Jurnalistlar oʻrtasida tajriba almashish va ularning salohiyatini oshirishga qaratilgan qoʻshma loyihalar istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi. Bu jarayonda Birlashgan Millatlar Tashkilotining turli tuzilma va institutlari imkoniyatlaridan foydalanish muhimligi taʼkidlandi. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston va BMTning qoʻshma tashabbuslarini keng yoritishda yurtimiz ommaviy axborot vositalari vakillarining faol ishtirokini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligimizni bildirdik", deya yozadi Sherzod Asadov.
BMTning Nyu-York shahridagi bosh qarorgohiga tashrif doirasida BMT Yangiliklar xizmati direktori Yan Filips bilan ham uchrashuv oʻtkazildi.
Suhbat chogʻida voqealarni aniq, xolis va oʻz vaqtida yoritish masalalarini muhokama qilingan. Ayniqsa, ulkan axborot oqimi sharoitida faktlarning haqqoniyligini tekshirish, dezinformatsiyaga qarshi kurashish hamda mediasavodxonlikni oshirish yoʻnalishidagi hamkorlikni kuchaytirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgani haqida yakdil fikr bildirildi.
Oʻzbekistonning BMT doirasidagi muhim tashabbuslari va xalqaro tadbirlarini yoritishda BMT Yangiliklar xizmati tomonidan koʻrsatilayotgan doimiy qoʻllab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirildi. Kelgusida ham yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.