Radar orqali qoidabuzarlik aniqlanganda 1 oy ichida jarima qoʻllash mumkin boʻladi
Oliy Majlis Senati qoʻmita majlisida ushbu masala koʻrib chiqildi. Ayrim qoidabuzarliklar uchun 11 oy oʻtib jarima kelgani aholi noroziligiga sabab boʻlgan.

Radar orqali aniqlangan qoidabuzarliklar boʻyicha endi faqat 1 oy ichida jarima qoʻllash mumkin.
Oliy Majlis Senati kun tartibida “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Senatorlarning taʼkidlashicha, yoʻl-transport hodisalarini kamaytirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilayotgan boʻlsa-da, ayrim huquqiy normalar samaradorligini oshirish zarurati mavjud.
Qayd etish lozimki, haydovchilarga 2024 yilda sodir etilgan qoidabuzarligi uchun rasmiylashtirilgan qaror serverdagi nosozliklar sababli oradan 11 oy oʻtib yuborilganligi aholi orasida haqli eʼtirozlarga sabab boʻldi.
Amaldagi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 36-moddasida maʼmuriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir yildan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkinligi belgilangan.
Qonunda maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari orqali aniqlangan huquqbuzarliklar boʻyicha jarima qoʻllash muddatlari bir oy bilan cheklanmoqda.
Shuningdek, yoʻl harakati qoidalarining kam ahamiyatli buzilishi uchun maʼmuriy ogohlantirish chorasi joriy etilmoqda.
Avval jarima ballari sabab qoidabuzarliklar oʻtgan yilga nisbatan 58 foizga kamaygani aytilgandi.
Bu haqda Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xabar qildi. Salkam 64 ming haydovchi esa 1 ballgacha jarima ballari olgan.