platina.uz
Jamiyat

Qurilish vazirligi sohadagi korrupsiyani tanqid qilgan tadbirkor ustidan ariza kiritdi

Usmonjon Abdusamadov Toshkentda bitta uy uchun 200 ming dollargacha xarajat qilinishi haqida gapirgandi. Vazirlik mazkur bayonot sabab IIVga arz qilgan. 

Qurilish vazirligi sohadagi korrupsiyani tanqid qilgan tadbirkor ustidan ariza kiritdi

Qurilish vazirligi sohadagi korrupsiyani tanqid qilgan tadbirkor ustidan IIVga ariza kiritganini bildirdi.

29 avgust kuni qurilish sohasi tadbirkorlari bilan oʻtkazilgan ochiq muloqotda oʻzini bir nechta qurilish kompaniyalari rahbari sifatida tanishtirgan Usmonjon Abdusamadov "Toshkentda bitta uy uchun 200 ming dollargacha xarajat bor”, - deya gapirgandi.

"Mazkur maʼlumotlar ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarni keltirib chiqardi. Natijada qurilish sohasida respublika miqyosida olib borilayotgan islohotlarga, soha vakillari hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiga nisbatan salbiy munosabat shakllanmoqda. Bu esa oʻz navbatida Vazirlik va uning tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsiga putur yetkazmoqda.

Shu bois Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi fuqaro (tadbirkor) Usmonjon Abdusamadovga nisbatan tegishli tartibda javobgarlik choralari qoʻllanishini soʻrab, Ichki ishlar vazirligiga rasmiy ariza kiritganini maʼlum qiladi", deyiladi vazirlik xabarida.

Vazirlik qurilish sohasiga oid barcha davlat xizmatlari va toʻlovlar belgilangan tartibda elektron tarzda amalga oshirilishini aytgan. Bu jarayonda qoʻshimcha mablagʻ talab qilinishi qatʼiy taqiqlangan.

Jismoniy va yuridik shaxslar shaharsozlik hujjatlarini olish uchun arizalarni faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali yuborishlari mumkin. Arizalarni koʻrib chiqishda fuqaro va vakolatli organ vakili oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotga yoʻl qoʻyilmaydi. Xususan, obʼekt qurilishiga oid ruxsatnoma olishdan tortib, uni foydalanishga qabul qilishgacha boʻlgan barcha jarayonlar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali toʻliq nazorat qilinadi.

Bu jarayonlar Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentlar asosida aniq tartibga solingan, deya xulosa qiladi vazirlik.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 70 119 55 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid