Oʻndan oshiq oʻzbekistonlik Ukrainada mehnat qulligidan qutqarildi
Oʻzbekistonning Kiyevdagi elchixonasi holat sabab Ukraina TIV va boshqa masʼul idoralarga nota yoʻlladi.

Ukrainada 13 nafar oʻzbekistonlik qullikda saqlanib kelingani aniqlandi. Mamlakatning Kiyevdagi elchixonasi holat sabab Ukraina TIV va huquq-tartibot idoralariga nota yoʻlladi.
Oʻzbekistonning Ukrainadagi elchixonasi Kiyev viloyatida majburiy mehnatdan qutqarilgan 13 nafar fuqaroning ahvolini nazoratga oldi. Ularni vatanga qaytarish uchun barcha zarur choralar koʻrilmoqda, deyiladi elchixona xabarida.
Qayd etilishicha, OAVda Kiyev hududidagi issiqxonalarning birida 13 nafar oʻzbekistonlikning ogʻir axvolda "qul" sifatida ishlatilayotgani toʻgʻrisida tarqalgan maʼlumotlardan soʻng, elchixona vakillari vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida voqea joyiga borgan.
Fuqarolar tegishli tibbiy muolaja qilish uchun Kiyev viloyatidagi mahalliy shifoxonalardan biriga joylashtirilgan.
Oʻzbekistonliklarga tegishli konsullik va huquqiy yordamni amalga oshirish maqsadida Ukraina TIV va Bosh prokurori ofisiga tegishli notalar yuborildi, deyiladi xabarda.
Elchixona Ukrainadagi vaziyat sabab ushbu mamlakatga tashrif buyurmaslikni tavsiya etgan.
"Mazkur xolat yuzasidan jinoiy ish ochilib, gumonlanuvchilar ustidan sud jarayoni boʻlib oʻtmoqda.
Elchixona fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga har tomonlama yordam koʻrsatish hamda qonuniy huquqlarini tiklash borasida barcha zarur chora-tadbirlarni koʻrishda davom etmoqda.
Oʻz navbatida, Ukrainada inson xayoti uchun xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan holatlar kuzatilayotgani bois Oʻzbekiston fuqarolaridan oʻz xavfsizligini inobatga olgan holda mazkur mamlakatga ayni vaqtda tashriflarni rejalashtirmasliklarini tavsiya qilamiz”, deyiladi elchixona xabarida.