Ona suti oʻrnini bosuvchi mahsulotlar reklamasi cheklanishi xabar berildi
Vaholanki olti yil avval qabul qilingan qonunda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar uchun ushbu mahsulotlarni reklama qilishga yoʻl qoʻyilmasligi aytilgandi.

Oʻzbekiston qonunchiligiga ona suti oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilishni cheklashga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritilishi xabar berildi.
Chaqaloqlarni 6 oylikkacha faqat koʻkrak suti bilan boqishni targʻib qilish va 2030 yilga kelib bu koʻrsatkichni 70 foizga yetkazish boʻyicha dastur ham qabul qilinadi. Bu haqda maʼlumotlar 19 sentabr kuni boʻlib oʻtgan prezident yigʻilishida SSV mutasaddilari tomonidan yangragan.
Unga koʻra, Oʻzbekistonda ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash milliy dasturi tasdiqlanadi. Dasturda qonunchilikka ona suti oʻrnini bosuvchi mahsulotlar reklamasini cheklashga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritilishi belgilangan.
Biroq...
Oʻzbekistonda allaqachon, 2019 yilda ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlar reklamasiga taqiq qoʻyilgan. Afsuski, yillar davomida ushbu tartib ishlamay kelmoqda.
Qonunchilik palatasi 2019 yil 9 oktabrda qabul qilgan va Senat 2019 yil 11 oktabrda maʼqullagan qonunning 10-moddasida goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar uchun ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, deb yozilgan.
Qonun prezident tomonidan 2019 yil 23 oktabrda imzolangan va shu kuni matbuotda eʼlon qilingan. 6 oy oʻtib, yaʼni 2020 yil apreldan kuchga kirgan.
Ammo oradan bir necha yil oʻtib ketganiga qaramay, turli telekanallarda bolalar boʻtqasi reklamasiga koʻzimiz tushadi. Qonun talabiga koʻra, boʻtqalar haqidagi har qanday axborotda ona suti bilan oziqlantirishning foydasi va afzalligi toʻgʻrisida koʻrsatma boʻlishi kerak.
Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼullaridan ushbu masala yuzasidan tegishli izoh kutamiz.