Moped va skuterlar uchun haydovchilik guvohnomasi va davlat raqami toʻlovlarini qayta koʻrib chiqish taklif etildi
Tegishli tashabbus XDP tomonidan ilgari surildi. Partiya 1 oktabrdan kuchga kiradigan talablarni kechiktirishni soʻragan.

Xalq demokratik partiyasi moped va skuterlar uchun haydovchilik guvohnomasi va davlat raqamini olish uchun muddatlar va toʻlovlar miqdorini qayta koʻrib chiqishni taklif etdi.
Joriy yilning 1 oktabridan moped va skuterlarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab etilishi haqidagi xabar jamoatchilikning keng muhokamalariga, turli fikr-mulohazalarga sabab boʻlmoqda.
Ayrim maʼlumotlarga koʻra, hozir 130 ming nafarga yaqin yoshlar kurerlik xizmati bilan band. Bu faqat velosiped, moped va skuterlar orqali xizmat koʻrsatayotgan fuqarolardir.
"Kambagʻallikni qisqartirish, bitta barqaror ish oʻrni yaratish uchun koʻplab choralar koʻrilayotgan hozirgi muhim davrda oʻzini oʻzi band qilgan, xalqimizga xizmat qilayotgan yurtdoshlarimizdan moped va skuterlarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab qilinayotgan vaqt, albatta, qisqa hisoblanadi.
Toʻgʻri, bu borada hukumat tomonidan muddatlar uzaytirilgan, biroq talabgorlarning juda ham koʻp boʻlgan miqdorini inobatga olib, bu davrda hujjat talab qilish maqsadga muvofiqligini yana bir bor oʻylab koʻrish lozim. Boisi, mazkur sohada xizmat qilayotgan koʻplab fuqarolar boqimandalik kayfiyatiga berilmasdan, kimdandir yordam kutmasdan, daromad topishga, moliyaviy muammolarini oʻzi hal qilishga intilmoqda.
Joriy etilishi kutilayotgan tartibga koʻra, bir kunda yuz minglab yoshlar daromad manbaisiz, ishsiz qolishi mumkinligi haqida oʻylasak, masalaning qanchalik chuqur va keng ekani ravshanroq boʻladi", deyiladi partiya xabarida.
Shu bois, joriy yilning 1 oktabridan moped va skuterlarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab etilishi muddatini keyingi yilga qoldirgan holda, haydovchilik guvohnomasi va davlat raqamini olish uchun muddatlar va toʻlovlar miqdorini qayta koʻrib chiqish taklif etildi.
XDP bu borada tegishli tartibda deputatlik soʻrovini kiritishini bildirgan.
2025 yil 1 oktabrdan boshlab mamlakatda moped va skuter haydovchilari uchun yangi talablar kuchga kirishi rejalashtirilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, endi transport vositalari davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi va faqat «A» toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlgan shaxslar tomonidan boshqarilishiga ruxsat beriladi.
Yangi qoida moped va skuterlarning turli jihatlarini qamrab oladi. Aniqroq aytganda, benzinli dvigatelining ishchi hajmi 25 sm³ dan 50 sm³ gacha boʻlgan transport vositalariga, shuningdek elektr dvigatelining quvvati 0,25 kVtdan 4 kVtgacha boʻlgan vositalarga ushbu talab tatbiq etiladi. Shu bilan birga, konstruktiv tezliklari 25–50 km/soat oraligʻidagi moped va skuterlar ham qoidaga kiritilgan.