platina.uz
Jahon

Trampni Falastin davlatini tan olishga chaqiruvchi tarixiy rezolyutsiya taqdim etildi

Oregon shtatidan saylangan senator Jeff Merkli shunday tashabbus bilan chiqdi. Uni yetti demokrat va bir mustaqil senator qoʻllab-quvvatladi. 

Trampni Falastin davlatini tan olishga chaqiruvchi tarixiy rezolyutsiya taqdim etildi

AQShlik senator Jeff Merkli prezident Donald Trampni Falastin davlatini rasman tan olishga chaqiruvchi Senat tarixidagi birinchi rezolyutsiyani taqdim etdi.

Oregon shtatidan saylangan senatorning bayonotida aytilishicha, yetti nafar demokrat va bir mustaqil senator qoʻllab-quvvatlagan rezolyutsiya Oq uy rahbarini Falastin davlatini tan olishga chaqiradi.

Rezolyutsiya matnida ikki davlat qarori ham Falastin, ham Isroilning xavfsizligi va farovonligi uchun muqarrar ekanligi taʼkidlanib, BMT Xavfsizlik Kengashining 1967 yilgi chegaralarni belgilagan 242-rezolyutsiyasiga ishora qilinadi.

Rezolyutsiyada AQShdan xalqaro huquq va ikki davlat qarori tamoyillariga muvofiq xavfsiz Isroil davlati va “demilitarizatsiya qilingan” Falastin davlatini tan olish talab etiladi.

Bundan tashqari, hujjat Falastin maʼmuriyatini Yevropa davlatlariga bergan vaʼdalarini bajarishga va 2026 yilda saylov oʻtkazishga chaqiradi va HAMASni qurollarini tashlashga chaqiradi.

"Falastin davlatini tan olish nafaqat Qoʻshma Shtatlar, balki falastinliklar va isroilliklar erkinlik, qadr-qimmat va xavfsizlikda yashashi mumkin boʻlgan kelajakni qurish uchun qoʻyishi mumkin boʻlgan amaliy qadamdir, toʻgʻri ishdir. Amerika yetakchilikni koʻrsatishi kerak va hozir harakat qilish vaqti keldi", - dedi Merkli Senatga kiritilgan rezolyutsiyani sharhlar ekan.

Senator mazkur qaror boshqacha yondashuvni talab qilishini taʼkidladi. "Birinchidan, zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatish, barcha mahbuslar ozod qilinishi, insonparvarlik yordami yetkazilishi kerak. Ammo keyin tinchlik va farovonlik kelajagi uchun poydevor qoʻyilishi kerak va buning uchun yagona real yoʻl ikki davlat qaroridir. Falastin davlati maqsadini endi kechiktirib boʻlmaydi", - dedi u.

Merkli tashabbus koʻrsatgan rezolyutsiya demokrat senatorlar Kris Van Xollen, Tim Keyn, Piter Uelch, Tina Smit, Temmi Bolduin, Mazi Xirono va mustaqil senator Berni Sanders tomonidan ishlab chiqilgan.

Eslatib oʻtamiz, avval Yaponiya "AQSh bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolish uchun" Falastinni tan olmasligini bildirgandi.

Rasmiy Tokio Falastinni tan olmagan kam sonli Osiyo davlatlaridan sanaladi. Janubiy Koreya ham shuning sirasiga kiradi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid