Tramp Tayvanga beriladigan katta yordamni toʻxtatib qoʻydi
AQSh maʼmuriyati bu orqali Xitoy bilan keng savdo kelishuviga erishishni koʻzlayotgan boʻlishi mumkin. Ammo mazkur qaror tanqidlarga ham sabab boʻldi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Tayvanga beriladigan 400 million dollarlik harbiy yordamni blokladi, deb yozadi The Washington Post.
Nashr manbalarining qayd etishicha, bu qaror hali yakuniy emas.
Toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllab-quvvatlash oʻrniga, Tramp rasmiy Taypey qurollarni harbiy yordam dasturlari orqali emas, balki tijorat shartnomalari orqali sotib olishi kerakligini taʼkidlaydi.
Maqolada aytilishicha, Tramp maʼmuriyati Pekin bilan keng savdo kelishuviga erishish maqsadida AQShning Xitoy bilan raqobatini umuman yumshatgan. Xususan, Vashington yarimoʻtkazgichlar eksporti ustidan nazoratni yumshatdi.
15 sentabr kuni AQSh va Xitoy TikTok ijtimoiy tarmogʻi ustidan nazoratni Amerika tomoniga oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishganini eʼlon qilgandi.
1949 yilda mustaqilligini eʼlon qilgan Tayvan 1980-yillardan beri Xitoy tomonidan ilgari surilgan “bir davlat, ikki tizim” modelini rad etadi.
Vashingtonning Taypey bilan diplomatik aloqalari yoʻq, ammo Qoʻshma Shtatlar 1979 yilda qabul qilingan, oʻzini-oʻzi mudofaa qilishni nazarda tutuvchi Tayvan munosabatlari toʻgʻrisidagi qonunga binoan unga qurol sotadi.
Xitoy Tayvanni provinsiyasi deb hisoblaydi: Tashqi ishlar vaziri Van Yi “milliy birlashish umumiy tendensiya va tarixiy muqarrarlik” ekanini taʼkidladi.
Baʼzi AQSh rasmiylari Tramp maʼmuriyatining bu harakatini maʼqullamaydi. Pentagonning sobiq rasmiysi, hozirda American Interprice Institute xodimi Den Blumentalning aytishicha, hozir bunday qadamning vaqti emas.
Qaror yetkazib berish jarayonini kechiktirishi va Tayvanning harbiy xarajatlarini oshirishi mumkin. Gazeta buni Vashington orol xavfsizligini taʼminlashga yondashuvini qayta koʻrib chiqayotganidan dalolat berishini aytgan.