Shavkat Mirziyoyev BMTning yubiley sessiyasida nutq soʻzlaydi
Oʻzbekiston rahbarining chiqishi 23 sentabr kuniga moʻljallangan. Yubiley sessiya AQShning Nyu-York shahrida boʻlib oʻtadi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kelasi hafta Nyu-Yorkda boʻlib oʻtadigan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ishtirok etadi.
Yubiley sessiya “Birgalikda yaxshiroq: 80 yil davomida tinchlik, taraqqiyot va inson huquqlari yoʻlida hamkorlikda ish olib borish va oldinga yoʻl” mavzusida oʻtkaziladi.
22 sentabr kuni davlat va hukumat rahbarlari ishtirokida BMTning 80 yilligini nishonlash boʻyicha oliy darajadagi uchrashuv oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Jahon yetakchilari global muammolar kontekstida oʻz pozitsiyalari va ustuvor yoʻnalishlari bayon etilgan bayonotlar bilan chiqadigan umumiy debatlar 23-27 va 29 sentabr kunlari boʻlib oʻtadi.
Shavkat Mirziyoyevning murojaati 23 sentabrga belgilangan.
Eslatib oʻtamiz, 5 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuvi boʻlib oʻtgandi. Unda BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasini oʻtkazish masalalari ham koʻrib chiqilgan.