platina.uz
Jamiyat

Prezidentga sogʻliqni saqlash boʻyicha hisobot taqdim etildi

Raqamlashtirish va qogʻoz hujjat aylanishini qisqartirish orqali tibbiyot xodimlarining ish yuklamasi kamaytiriladi. Oilaviy shifokorlar ulushini 70 foizga yetkazish reja qilingan. 

Prezidentga sogʻliqni saqlash boʻyicha hisobot taqdim etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 sentabr kuni sogʻliqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan hisobot bilan tanishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatishning xalqaro tajribaga asoslangan va tibbiyotni aholiga yaqinlashtirishga qaratilgan yangi modelini joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu asosda koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar, mahalla tibbiyot punktlari yagona yondashuv asosida rivojlantirilmoqda.

Buning natijasida oilaviy shifokorlar ulushini 70 foizga yetkazish moʻljallangan. Raqamlashtirish va qogʻoz hujjat aylanishini qisqartirish orqali tibbiyot xodimlarining ish yuklamasini qariyb uchdan bir qismga kamaytirish, fuqarolarning birlamchi boʻgʻin xizmatlaridan qoniqish darajasini 85 foizdan oshirish maqsad qilingan. Shu bilan birga, tibbiyot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishning ularning kasbiy samaradorligiga bevosita bogʻliq boʻladigan yangi tizimi joriy etilmoqda.

Prezidentimiz ixtisoslashgan yordamni tubdan takomillashtirish muhimligini taʼkidladi. Mamlakatimizda oʻnlab ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari mavjud boʻlib, ular zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanmoqda, byudjetdan katta mablagʻ ajratilmoqda.

Shu bilan birga, aholi orasida xizmat sifati va uzun navbatlar yuzasidan eʼtirozlar saqlanib qolmoqda. Ixtisoslashtirilgan markazlarda davolashning xalqaro standartlarini joriy etish, birlamchi boʻgʻinda metodologik ishlar sustligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu bois, barcha respublika ixtisoslashtirilgan klinikalari faoliyatini qayta koʻrib chiqib, ularning boshqaruviga zamonaviy, professional menejerlarni jalb qilish taklifi bildirildi. Turkiyalik mutaxassislar faoliyat yuritayotgan Respublika onkologiya va radiologiya markazi bunga yorqin misol boʻla oladi.

Ayni paytda klinik protokollarni qayta koʻrib chiqish va yangilash davom etmoqda: hozirgacha 400 tasi qayta koʻrildi, yil oxirigacha bu koʻrsatkich ikki baravar oshadi. Osiyo taraqqiyot banki koʻmagida uch mingdan ziyod tibbiy xizmatlar uchun tariflar metodologiyasi ishlab chiqilmoqda.

Davlatimiz rahbari yana beshta markazga xorijiy professional menejerlarni jalb qilish yoki ularni xorijdagi nufuzli klinikalar boshqaruviga berish imkoniyatini oʻrganishga topshiriq berdi.

Bunda xalqaro tajriba asosida diagnostika va davolash standartlari ishlab chiqilishi, milliy klinik protokollar yaratilishi, yangi texnologiyalar joriy qilinishi, markazlarni rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatli strategiya ishlab chiqilishi, yuqori malakali mutaxassislar jalb etilishi, aholiga sifatli tibbiy yordam koʻrsatishning shaffof va adolatli tizimi yaratilishi shartligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda bolalar salomatligini muhofaza qilish chora-tadbirlari ham muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, butun dunyoda bolalarni ona suti bilan oziqlantirish muammosi dolzarb boʻlib, ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlardan foydalanish surʼati ortib bormoqda.

2030 yilga qadar Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan koʻrsatkich – 6 oygacha boʻlgan bolalarning 70 foizi faqat ona suti bilan oziqlantirilishiga erishish maqsadida mamlakatimizda ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash milliy dasturi tasdiqlanadi.

Dastur doirasida JSST va YuNISEFning “Ona suti bilan oziqlantirish uchun qulay sharoit yaratuvchi tibbiyot muassasasi” va “Ona suti bilan muvaffaqiyatli oziqlantirish sari 10 qadam” tashabbuslari joriy etiladi. Tibbiyot xodimlarini ona suti bilan oziqlantirish boʻyicha oʻqitish, homilador ayollar va onalarning bilimini oshirish tadbirlari oʻtkaziladi.

Qonunchilikka ona suti oʻrnini bosuvchi mahsulotlar reklamasini cheklashga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, bolalar uchun moʻljallangan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, import va eksport qilish, tashish, saqlash, sotish va yetkazib berishga oid talablar hamda standartlarni takomillashtirish taklif etildi.

Prezident bildirilgan takliflarni maʼqullab, tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish va sifatini oshirish, yuqumli boʻlmagan kasalliklardan oʻlimni kamaytirish, yosh avlod salomatligini mustahkamlash boʻyicha qator topshiriqlar berdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid