Katta pulni talon-toroj qilishda ayblangan "Samsung" xodimi ishi qayta koʻriladi
U korxonada informatsion texnologiyalar sohasida ishlagan, jinoyat ishlari boʻyicha Yunusobod tuman sudi qarori bilan 8,2 yilga qamalgan.

2025 yil 11 sentabr kuni Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati taftish instansiyasida "Samsung" kompaniyasi sobiq xodimiga oid ajrim ishi koʻrib chiqildi. Sud ishi nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Q.A. “SAMSUNG ELECTRONICS UZBEKISTAN” MChJ xorijiy korxonasida informatsion texnologiyalar sohasida fuqarolik kelishuvi asosida mutaxassis boʻlib ishlagan.
Unga jinoyat ishlari boʻyicha Yunusobod tuman sudining 2024 yil 14 maydagi hukmiga koʻra JKning 59-moddasi tartibida 8 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, mazkur hukm bilan sudlanuvchilar A.Q. va M.Sh. dan solidar tartibda yetkazilgan moddiy zarar 1.514.102.572,9 soʻm pul mablagʻi MChJ foydasiga undirish belgilangan.
Sudlanuvchi A.Q.dan yetkazilgan moddiy zarar, 548.399.300 soʻm pul mablagʻi “KANSLER” MChJ foydasiga va 207.808.800 soʻm pul mablagʻi “BM ELMAKON” MChJ foydasiga undirish belgilangan.
Sudning hukmiga koʻra, M.Sh. oʻzining jinoiy sherigi A.Q. bilan noqonuniy boylik orttirish maqsadida 1.514.102.572,9 soʻmlik 81 dona kompyuter texnikalarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilishgan. A.Q. “KANSLER” MChJga tegishli boʻlgan juda koʻp miqdorni tashkil etuvchi 548.399.300 soʻmlik kompyuter-texnika vositalarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgani aytilgan.
Uning advokati birinchi instansiya va apellyatsiya instansiyasi sudlari JPK talablari va Oliy sudi Plenumi tushuntirishlariga amal qilmay daʼvo qilgan. Advokat sud faqatgina ishonchsiz va tekshirilmagan soxta dalillarga hamda manfaatdor taraflarning vakillarining koʻrsatmalariga tayanib, sud tergovini toʻliq oʻtkazmaganligi, hulosalar ishning haqiqiy holatlariga muvofiq emasligi va JK normalari notoʻgʻri qoʻllaganligi sababli, sud qarorlarini bekor qilishni va A.Q. ga nisbatan oqlov hukmi chiqarishni soʻragan.
Sudlov hayʼati dalil va koʻrsatmalarga asoslanib, A.Q.ga nisbatan jinoyat ishni U.R. ga nisbatan jinoyat ishi bilan birlashtirib, birinchi instansiya sudiga yangidan koʻrish uchun yuborishni lozim topdi.
Taftish instansiyasi sudida fuqaroviy daʼvogar D.A. “KANSLER” MChJ rahbari boʻlgan R.U.ni jamiyat taʼsischilarini xabardor qilmasdan jamiyatga tegishli jami 548.399.300 soʻmlik kompyuter-texnika vositalarini “SAMSUNG ELECTRONICS UZBEKISTAN” XK MChJ vakili A.Q. bilan oʻzlashtirganliklari sababli, U.R. ni jinoiy javobgarlikka tortish masalasini qoʻrib chiqish uchun jinoyat ishini qayta tergovga yuborish haqida iltimosnoma bilan murojaat qilgan.
Yakuniy ajrimga koʻra, Yunusobod tuman sudining 2024 yil 14 maydagi hukmining A.Q.ga oid qismi bekor qilindi va qayta koʻrib chiqish uchun ushbu sudga yuborildi. Unga nisbatan qoʻllanilgan qamoq ehtiyot chorasi oʻzgartirilmagan.
Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.