platina.uz
Jamiyat

DXX Jizzaxda kadastrlar palatasi filiali boshligʻini ushladi

Boʻstonliqda esa yer evaziga 150 ming AQSh dollari talab qilgan mahalla raisi aniqlandi. 

DXX Jizzaxda kadastrlar palatasi filiali boshligʻini ushladi

Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlari aniqlandi.

Davlat kadastrlar palatasining Jizzax viloyatidagi tumanlardan biridagi filiali boshligʻi tuman hokimligi tomonidan oʻzining turmush oʻrtogʻi nomiga sotish huquqisiz, ijara shartnomasi asosida ajratilgan 42 sotix yer maydonini xaridorga sotib, keyinroq hokimiyat idoralaridagi tanishlari orqali kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 28 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Surxondaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa Qumqoʻrgʻon tumanida yashovchi, 1974 y.t. fuqaro Davlat kadastrlar palatasining Jarqoʻrgʻon tumani filiali kadastr muhandisi bilan til biriktirib, oʻzi tomonidan noqonuniy egallab olingan, aslida Jarqoʻrgʻon tumani hokimligi zaxirasida boʻlgan 40 sotix yer maydonini xaridorga 200 mln soʻmga sotishga va 4 mln soʻm evaziga uning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishga kelishadi.

Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi. Unda 1974 y.t. fuqaro 200 mln soʻmni, kadastr muhandisi esa 4 mln soʻmni olgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.

Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi mahalla fuqarolar yigʻinlaridan birining raisi oʻzganing nomida boʻlgan 15 sotix maydondagi yakka tartibdagi turar-joyni va unga tutash joylashgan davlat zaxirasidagi 1 gektar 35 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 150 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 50 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid