Surxondaryoda hakamlik sudi mansabdori qoʻlga olindi
U termizlik fuqaroni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali viloyat bojxona boshqarmasiga nazoratchi vazifasiga ishga joylashtirish evaziga pora soʻragan.

Surxondaryoda hakamlik sudining kadrlar boʻlimi boshligʻiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Surxondaryo viloyati Mediatsiya va yuridik maslahatlar huzuridagi hakamlik sudining kadrlar boʻlimi boshligʻi xizmat mavqeidan foydalangan.
U Termiz shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali viloyat Bojxona boshqarmasiga nazoratchi vazifasiga ishga joylashtirib qoʻyish evaziga 1000 AQSh dollari talab qiladi.
DXXning Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Termiz shahar prokuraturasi hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxs soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ilgari Buxoro viloyati Peshku tumanida hokim yordamchisi ushlangani xabar berilgandi. U hokimiyat zaxirasidagi yer maydonini axborot tizimi orqali onlayn auksion savdolarida sotib olib berish evaziga pul talab qilgan.