“Raqamli hukumat” dasturi doirasida 40 dan oshiq loyiha ishga tushiriladi
Noyabr oyidan aloqa operatorlari, tijorat banklariga mobil ilovalar orqali YaIDXP (Yagona portal)dagi pulli elektron davlat xizmatlarini koʻrsatish imkoniyati yaratiladi.

Hududlarda aholiga elektron xizmatlar koʻrsatish sifati oshiriladi.
“Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–286-son, 16.09.2025 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, “Raqamli hukumat” dasturi doirasida 41 ta ustuvor loyihani ishga tushirish, elektron davlat xizmatlari ulushini 70 foizga yetkazish tizimni 2025–2026 yillarda rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi.
2025 yil 1 noyabrdan mobil aloqa operatorlari, tijorat banklari, toʻlov tashkilotlariga mobil ilovalar orqali YaIDXP (Yagona portal)dagi pulli elektron davlat xizmatlarini koʻrsatish imkoniyati yaratiladi.
2025 yil 1 dekabrdan nodavlat notijorat tashkilotlariga “Raqamli hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali belgilangan tartibda elektron idoralararo hamkorlikni amalga oshirishga ruxsat beriladi.
2026 yil 1 yanvardan fuqarolarning ijtimoiy yordam koʻrsatish boʻyicha murojaati, mahallalardagi oilalar va aholi maʼlumotlarini yuritish hamda mahallalarda aholi bilan ishlash jarayonlari “Raqamli mahalla” platformasi orqali amalga oshiriladi.2026 yil 1 maydan nogironlikni belgilash boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishda fuqarolarga tibbiyot muassasalariga imtiyozli davolanish uchun beriladigan yoʻllanmani shakllantirish va elektron navbatga qoʻyish kompozit shaklda amalga oshiriladi.
Shuningdek, 2026 yil yakunigacha tibbiy koʻrik jarayonida shifokor nutqini avtomatik bayonlashtiruvchi ovozli yordamchi hamda bemorlarga tashxis qoʻyishda koʻmaklashuvchi sunʼiy intellektga asoslangan “Shifokorning raqamli yordamchisi” dasturi ishga tushiriladi.
2025 yil 1 noyabrdan davlat oliy taʼlim muassasalari talabalariga oylik ijara toʻlovining bir qismini qaytarish boʻyicha Yagona portal orqali murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.
2026 yil 1 yanvardan oʻrta maxsus, kasbiy va oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim jarayoni bilan bogʻliq davlat xizmatlari Yagona portal orqali koʻrsatiladi.
2025 yil 1 noyabrdan transportga gaz baloni oʻrnatilganligiga oid maʼlumotlarni elektron shaklda yuritish orqali transport vositasini roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasini qayta rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadi.