platina.uz
Tahlil

Nega Nepaldagi inqilob ijobiy natija bermaydi?

Nepal kambagʻal mamlakat. Aholining salmoqli qismining daromadi xorijda ishlayotgan qarindoshlarining pul oʻtkazmalariga bogʻliq sanaladi. Ekspertlar ushbu davlatdagi siyosiy evrilishlardan katta narsa kutgani yoʻq.  

Nega Nepaldagi inqilob ijobiy natija bermaydi?

Koʻpchilikka dunyo tomi, dunyodagi eng baland choʻqqi – Everest (Jomolungma) bilan mashhur Nepalda sentabr oyining ilk oʻn kunligida roʻy bergan namoyishlar hammani hayratga soldi. Hukumatdan norozi xalq koʻchalarga chiqdi. Namoyishchilar hokimiyat institutlarini, jumladan hukumat saroyini tom maʼnoda vayron qilishdi. Mazkur saroy 1903 yilda qurilgan boʻlib, Nepal davlatchiligining ramzlaridan biri edi. Bunday namoyishlarga mashhur ijtimoiy tarmoqlarning taqiqlanishi sabab boʻldi, deb aytilmoqda. Ammo muammoning ildizlari va keskinlashuv omillari ancha chuqurroq. Ularni tahlil qilish Nepalda aslida qanday ijtimoiy-siyosiy inqiroz yuz berganini anglashga yordam beradi.

Inqilob mexanizmi yoxud xalq va hukumat nimaga kelishib oladi?

Eng avvalo aytish kerak, hukumat va xalq oʻrtasidagi munosabatlar, sodda qilib aytganda, maʼlum bir shartnoma va kelishuvlar (konstitutsiya va qonunlar) asosida shakllanadi.

Yaʼni xalq oʻz ichidan maʼlum bir insonlarni tanlab olib, ularga maʼlum bir vazifa hamda topshiriqlar beradi. Mamlakatni tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish (armiya), xaosga yoʻl qoʻymaslik uchun tartib oʻrnatish, farovonlik, tinchlik va barqarorlikni taʼminlash (hukumat, vazirliklar, mahalliy maʼmuriyat va politsiya), fuqarolar oʻrtasida adolatli hakamlik (sudlar), tashqi subʼekt va xalqlar bilan munosabatga kirishish (tashqi faoliyat idoralari – TIV) shular jumlasidandir.

Bunday xizmatni ado qilish evaziga xalq oʻzining ayrim vakolatlari va erkinliklaridan voz kechadi hamda mazkur tanlangan shaxslarning buyruq va qarorlariga boʻysunish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi. Shuningdek, boshqaruv tarkibiga xalqdan yigʻilgan soliqlar va mamlakat yer osti va usti boyliklaridan adolatli foydalanish imtiyozini beradi. Biroq ulardan qanday foydalanilayotgani haqida xalqqa, aniqrogʻi xalq vakillaridan iborat parlamentga hisobot berib turishni talab qiladi.

(Prezident va bosh vazirning parlamentga har yilgi murojaati - bu oliy rahbarning “quyoshdek porloq chehrasini” koʻrish va uning “dono oʻgitlari”ni eshitish baxtiga muyassar boʻlish imkoniyati emas, balki uning bir yil davomida oʻz vazifalarini qanday bajargani haqida xalqqa xisobot berishidan iborat majburiy siyosiy jarayon xolos).

Buni xuddi uyingiz yoki korxonangizni qoʻriqlash uchun maosh evaziga qorovul yollaganingizda, uning ayrim talablariga (kirish va chiqishda hujjat koʻrsatib kirish, ketishda chiroqlarni oʻchirib, eshiklarni qulflab ketish va hokazo) boʻysunishga oʻxshatish mumkin. Garchi qorovul oʻzini shu kompaniyadagi eng muhim shaxs hisoblasa ham, u aslida yollanma ishchi boʻladi xolos.

Biroq tegishli ijtimoiy kelishuvda (konstitutsiya va qonunlarda) koʻrsatilgan talablar va shartlar bajarilmasa, xalq bunday hokimiyatni almashtirishga haqli. Buni xuddi uyingizga maosh evaziga qorovul yollaganingizda, u vazifasini ado eta olmasa, uni ishdan boʻshatib, oʻrniga yaxshiroq va intizomliroq qorovul yollashga oʻxshatish mumkin.

Lekin xalq maosh evaziga yollagan davlat rahbarlari va xizmatchilari oʻz vazifalarini ado eta olmasa, oʻziga berilgan vakolat va imtiyozlarni suiisteʼmol qilsachi? Xalq foydasiga ishlamayotgani yetmagandek, unga zulm qilib, uning qonunda belgilangan azaliy huquqlari – soʻz, eʼtiqod, mehnat qilish va erkin yashash erkinlariga tajovuz qila boshlasachi? Oʻzini daho chogʻlab, xalqdan unga hamdu-sano oʻqishlari va sigʻinishlarini talab qila boshlasachi?

Albatta hukumat va hokimiyat aʼzolarini xuddi qorovul kabi istalgan vaqtda boʻshatib, oʻrniga yangisini olish imkoni yoʻq. Bu jamiyatda beqarorlik va katta moliyaviy xarajatlarga olib kelar edi. Buning uchun xalq keyingi saylovlarni kutishi va oʻshanda nobop, noqobil va oʻgʻri hukumatni “ketiga tepib”, yangisini saylashi kerak, qoida boʻyicha.

Yoki saylovgacha kutib boʻlmaydigan keskin sharoit yuzaga kelsa, ayrim demokratik davlatlar qonunlariga kiritilgan impichment (inglizcha impeachment — ishonchsizlik, latincha impedivi — «toʻsqinlik qilaman, cheklayman” soʻzidan) mexanizmi koʻzda tutilgan.

Noqobil prezident yoki hukukumatga parlament – yaʼni xalq vakillari impichment eʼlon qiladi - ishonchsizlik bildiradi va uni boshqasi bilan almashtirish jarayonini boshlaydi.

Lekin vijdonsiz va oʻgʻri hukumat impichment mexanizmini ataylab qonunlardan olib tashlagan boʻlsachi? Yoki maʼlum bir muddatda oʻtkaziladigan saylovlarning adolatli va xolis boʻlishiga toʻsqinlik qilib, ayrim ablah diktatorlarga oʻxshab, 20-30 yillab “taxtni” boʻshatgisi kelmasa, xalq ichidan vakillar chiqib, unga konstitutsiya va qonunlarni (yaʼni xalq va hukumat oʻrtasidagi shartnomani) eslatsa, ularni qamab yoki oʻldirib yuboraversachi? Zoʻravonlik bilan hokimiyatni egallab oʻtirishga intilsachi? Xalq boyliklarini xalq foydasi uchun emas, balki oʻz hamtovoqlari, qarindoshlari, oʻgʻil-qizlari va kuyovlarini boy qilish, hashamatli va imtiyozli hayoti uchun sarflasachi? Ularga adolatsiz tarzda ustuvorlik va imtiyozlar berishga oʻrganib qolsachi? Yaʼni siz maosh evaziga yollagan qorovul unga berilgan qurol va maqomdan foydalanib, sizga tahdid qila boshlasachi?

Bunday sharoitda xalq zoʻravonlikka zoʻravonlik bilan javob qaytarishidan boshqa chorasi qolmaydi. Yaʼni hokimiyatni qonuniy, tinch yoʻl bilan emas, kuch bilan oʻzgartirishga majbur boʻladi. Demakki inqilob yuz beradi. Inqilob xuddi olovga oʻxshaydi. U muttaham va oʻgʻri diktator hamda avtokratlarni, shuningdek, ularning nopok hamtovoqlari va qarindoshlarini toʻfon kabi supurib tashlaydi. Bunday keskin siyosiy harakatda nafaqat hukumat aʼzolari va uning qarindoshlari, balki oddiy xalq vakillari ham qurbon boʻlishi achinarli.

Monarxiya va kommunistlar jangimi?

Nepaldagi namoyishlar asosida ham hukumatning xalq oldidagi majburiyatlarini bajamargani asos boʻlgan, deyish mumkin.

Avvalo, har qanday inqilob avvalo oʻz siyosiy maqsadlariga, maʼlum bir rejaga, oʻz yetakchisi (xarizmatik va obroʻli shaxs yoki partiya) va tashkilotchilariga ega boʻladi. Biroq Nepaldagi namoyishlar ortida bu atributlarning hech biri, xususan, hech qanday aniq siyosiy maqsad boʻlmaganini taʼkidlash kerak.

2007 yilgi muvaqqat konstitutsiyaga koʻra, Nepal parlament respublikasi hisoblanadi. 2015 yilgi konstitutsiya Nepalni sotsializm qurishga yoʻnaltirilgan davlat, deb eʼlon qildi. Economist Intelligence Unit maʼlumotlariga koʻra, mamlakat 2018 yilgi “Demokratiya indeksi”da gibrid rejim sifatida tasniflangan.

Aslini olganda, avval boshda, Nepalda mamlakatni tashqi dunyodan ihotalashga qilishga uringan monarxiya mavjud edi. U mintaqa uchun anʼanaviy dinlarga tayangan. Bular hinduiylik va buddaviylikdir. Aholi tarkibining aksariyati – 80 foizi hindular boʻlsa-da, aholini koʻpincha ikki din jipslashtirib turadi.

Nepaldagi maochilar va marksistik-leninchilardan iborat mahalliy kommunistlar monarxiyaga qarshi kurashdi. Maochilar 1996 yildan beri monarxiyaga qarshi qurolli kurash olib organ, ikkinchisi esa qonuniy faoliyat yuritgan. 2018 yilda ular Nepal Kommunistik partiyasini tuzish uchun birlashdi. 2021 yilda ikkala partiya yana qayta tiklandi.

Bu uzoq oʻtish davridan keyin sodir boʻldi. Nepal qiroli Gyanendra yuqoridan turib, siyosatni biroz erkinlashtirgan holda oʻz hokimiyatini saqlab qolishga harakat qildi. 1990 yildan boshlab mamlakatda ikki qismdan iborat parlament - Vakillar palatasi (205 kishi) va Milliy assambleya (60 kishi) mavjud edi. Ushbu ikki bosqichli model hali ham mavjud. Qizigʻi shundaki, Milliy majlis Vakillar palatasi tomonidan tayinlanadigan 35 kishidan iborat boʻlgan: 15 nafari viloyat vakillari, 10 nafari esa qirol tomonidan tayinlangan.

Oʻtish davrining murakkabliklari

2002 yilda qirol parlamentni tarqatib yubordi. 2004 yilda esa saylovlar oʻtkazishga vaʼda bergan. 2006 yilda demokratiyaga chaqiruvchi ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. 2008 yilda 1-taʼsis majlisi chaqirilib, u monarxiyani bekor qildi. Lekin yangi konstitutsiya qabul qilishning uddasidan chiqmadi. Nepalda partiyalar sifatida shakllangan turli siyosiy kuchlar paydo boʻldi. Shiddatli tortishuvlar oʻzaro kelishuvga erishishga toʻsqinlik qildi.

Natijada 2013 yilda 2-taʼsis majlisi chaqirildi. Unda markazchi Nepal Kongressi partiyasi va ikkita asosiy kommunistik partiyalar - maochilar va marksistik-leninchilar ustunlikka ega edi.

Bundan tashqari, oʻnlab kichik partiyalarning vakillari ham bor edi. 2015 yilda Nepal Konstitutsiyasi qabul qilindi. Uning qabul qilinishi oʻnlab qurbonlar bilan tartibsizliklarni keltirib chiqardi. Koʻpchilik aholi dunyoviy davlat tuzilganidan norozi boʻldi. Konstitutsiyaning qabul qilinishi bilan, oʻtish davri tugadi.

Qizgʻin siyosiy hayot sahnasi

2015 yildan 2016 yilgacha marksist-leninchilar yetakchisi Prasad Sharma Oli Bosh vazir boʻldi. Keyin u 2018 yildan 2021 yilgacha, shuningdek, 2024 yildan 2025 yil 9 sentabrgacha ushbu kursida oʻtirdi. Soʻnggi norozilik namoyishlari paytida isteʼfoga chiqdi.

Shunday qilib, 2008 yilda monarxiya bekor qilinganidan beri Nepal anchagina qizgʻin siyosiy hayot kechirdi. Mamlakatda muntazam saylovlar oʻtkazib kelinadi, siyosiy partiyalar ham bir talay. Mafkurada soʻl partiyalar hukmron, lekin liberallar, konservatorlar – sobiq monarxistlar ham bor. Hozirda hatto maochilar ham siyosiy tuzumning muhim qismi hisoblanadi.

Taʼkidlash joizki, Nepalda taʼsis assambleyalari chaqirilganidan keyin siyosiy elita sezilarli darajada oʻzgardi. U hatto parlamentda liberallar va monarxistlar bilan birga oʻtirgan kommunistik partizan boʻlinmalarining sobiq qoʻmondonlarini ham oʻz ichiga olgan. Bundan tashqari, partiyalarda koʻplab faol guruhlar mavjud. Masalan, maochilarda 800 minggacha partiya aʼzosi bor, marksist-leninchilar ham bundan kam emas.

“Ijtimoiy tarmoqlardan qoʻlingni tort!”

Koʻrinib turganidek, bunchalik murakkab siyosiy tizimning bir kunda qulashi mumkinligiga ishonish qiyin edi. Xoʻsh, endi yana oʻsha savolga qaytsak - nega bu noroziliklar roʻy berdi? Nega liberallashtirish siyosati doirasidagi ulkan oʻzgarishlar jarayonida yaratilgan siyosiy tizim namoyishchilar bosimiga dosh bera olmadi?

Albatta, hukumatning ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashi yoshlarning noroziligiga sabab boʻldi. Ular uchun ijtimiy tarmoqlar koʻngil ochish, vaqt oʻtkazish, axborot va maʼlumot olish hamda ijtimoiy hayotning eng muhim manbai hisoblanadi. Albatta, yoshlar jamiyatdagi ijtimoiy tabaqalanish, yuqori hokimiyatdagi tengdoshlari koʻrsatayotgan boylikdan mamnun emas edi.

Kezi kelganda aytish joiz, Nepaldagi Z avlod, yaʼni zumerlar – 1997 – 2012 yil oraligʻida tugʻilgan, raqamli va internet hayotida voyaga yetayotgan yoshlar elita farzandlarining mehnat qilmasdan, xalq hisobidan tekin hashamatli hayot kechirishini ijtimoiy tarmoqlarda koʻz-koʻz qilishidan gʻazabi tobora ortib borayotgan edi.

Qolaversa, bugungi rahbarlar bundan 10-15 yil avval hokimiyatga kelganlardir. Ularning aksariyati kommunistlar yoki soʻl markazchilardir. Ular inqilob natijasida hokimiyat tepasiga keldi, hatto qurolli kurash ham bor edi. Ijtimoiy adolat gʻoyalari har doim barcha soʻl oqimlar mafkurasining oʻzagi boʻlib kelganini hisobga olsak, hozirgi elita bolalarining dabdabali hayoti ayniqsa “zumer” yoshlarning keskin noroziligiga sabab boʻldi.

Bangladesh ssenariysimi?

Ammo asosiy sabab hamon iqtisodiyot va demografiya bilan bogʻliq, desak xato boʻlmaydi. Qaysidir maʼnoda, Nepaldagi noroziliklar 2024 yil iyun oyida Bangladeshda yuz bergan voqealarga oʻxshab ketadi. Oʻshanda Bangladeshda bosh vazir Shayx Hasina Vazed hukumati yoshlarning ommaviy tartibsizliklari natijasida lavozimidan agʻdarilgan edi. Buning sababi - 1971 yildagi ozodlik harakati faxriylarining farzandlari va nabiralari uchun davlat lavozimlariga 30 foizlik kvotaning tiklanishi boʻldi. Zero, 1971 yilda Bangladesh Pokistondan ajralib, mustaqil davlatga aylangan edi. Faxriy inqilobchilarning oilalari yangi elitani tashkil etdi. Garchi 1970-yillarda jamiyatda bunday vaziyat norozilik tugʻdirmagan boʻlsada, oxirgi 50 yil ichida Bangladesh aholisi sezilarli darajada oʻsdi, oliy maʼlumotlilar soni koʻpaydi, demakki qarash va munosabati oʻzgacha avlod paydo boʻldi.

Aholining koʻpayishi mehnat bozorida inqirozga olib keldi, ayniqsa, endigina oʻqishni tugatgan oliy maʼlumotli yoshlar orasida ishsizlik muammosi oʻtkirlashdi. Natijada ommaviy norozilik namoyishlari kelib chiqdi va ular hukumatni agʻdarishga muvaffaq boʻldi.

Ishsizlik – inqilob olovining yoqilgʻisi

Har qanday inqilobni olib qarasangiz, uning asosida qashshoqlik va ishsizlik yotishiga guvoh boʻlasiz. Nepalda esa bu muammo muntazam kun turtibida. 1960 yilda mamlakatda 10,5 million kishi yashagan boʻlsa, 2024 yilda 30 million kishiga yetdi. Yana 2,5 million kishi xorijda mehnat muhojiri boʻlib yuribdi. Aholi oʻsishi sekinlashgan boʻlsa-da, hozirda Nepal aholisining yarmidan koʻpi - hali 30ga kirmagan yoshlar. Shu bilan birga, ish topa olmayotgan oʻqimishli nepallik yoshlar soni ham koʻpaydi.

Shu oʻrinda 2010 yillardagi “arab bahori” inqiloblar turkumi xusuyaitiga oʻxshashlikni qayd etish mumkin. Bu inqilob avval Tunisda boshlandi, u yerda ham yoshlar koʻp, ular oliy maʼlumot olishga intilishar, diplom olgach esa ish topishga qiynalishar edi.

Bundan tashqari, Nepal poytaxti Katmandu shahri hududida hozir 2,17 million kishi istiqomat qiladi, 1960 yilda esa atigi 200 ming kishi bor edi xolos. Chunki Osiyo mamlakatlarida aholining qishloqlardan shaharlarga koʻchib kelishi keng tarqalgan tendensiya hisoblanadi.

Ammo Nepalning oʻziga xos xususiyati shundaki, u Himolay togʻlari etagida joylashgan va qishloq xoʻjaligi yerlari maydoni unchalik katta emas. Ekin yerlari hududning 20 foizni tashkil etadi, aholining 75 foizi dehqonchilik bilan shugʻullanadi. Bundan tashqari, maoichi kommunistlar va hukumat qoʻshinlari oʻrtasidagi urush uzoq vaqt davom etdi.

2019 yildan boshlab alohida yer siyosati amalga oshirildi, uning maqsadlari qatorida qishloq joylariga demografik bosimni kamaytirish vazifasi ham bor edi. Nepalda aholi koʻpaydi, oʻrmonlar yoqilgʻi uchun kesildi, eskirgan qishloq xoʻjaligi usullari tufayli yerning kuchi kamaydi va hokazo.

Iqtisodiy inqiroz – qashshoqlikka va norozilikka chipta

Shunday qilib, 2025 yil sentabriga kelib, bir nechta omillar uygʻunlashdi. Bu oʻzaro kichik irmoqlarning qoʻshilib, katta daryoni hosil qilganiga oʻxshadi.

Tabiiyki, Nepalda iqtisodiyot ogʻir ahvolda. Import hajmi eksportdan deyarli 10 baravar koʻp. Eksport 1,3 milliard dollarni tashkil etadi. Mamlakat xorijga asosan oʻsimlik moylari, kiyim-kechak, gilam, choy sotadi. Import qilinadigan mahsulotlar qiymati esa yiligia 13 mlrd dollarga chiqitb ketadi.

Umuman olganda, Nepal kambagʻal mamlakat. Aholining salmoqli qismining daromadi xorijda ishlayotgan qarindoshlarining pul oʻtkazmalariga bogʻliq. COVID-19 pandemiyasidan avval turizm yalpi ichki mahsulotning 8 foizini taʼminlagan holda katta rol oʻynagan. (Everest choʻqqisini zabt etishga intiluvchi alpinistlar sharofati bilan!) Soʻnggi yillarda turizm ulushi tiklanib bormoqda, lekin avvalgi darajalariga chiqa olmayapti. 2015 yilda esa Nepalda kuchli zilzila sodir boʻldi, oʻn minglab binolar vayron boʻldi. Albatta ularni qayta tiklash katta mablagʻ talab qildi.

Bundan tashqari, oʻtgan yili global inflyatsiya bilan bogʻliq vaziyat sezilarli darajada yomonlashdi, bu ayniqsa kambagʻal mamlakatlarga ogʻir taʼsir qiladi. Nepal jahon savdosiga u qadar integratsiyalashmagan boʻlsada, uning asosiy savdo hamkori va qoʻshnisi Hindiston, ayniqsa, Donald Tramp unga 50 foizlik bojlar joriy qilganidan keyin, iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kela boshladi. Bu omil ham Nepal uchun halokatli boʻldi.

Inqilob befoyda boʻldimi?

Afsuski Nepalda vaziyat shundoq ham qiyin edi. Bu ham yetmagandek, hukumat ijtimoiy tarmoqlarni bloklashdek axmoqona qarorga keldi. Toʻgʻrida, kommunistlardan boshqa nimani ham kutasiz?! Kommunizm illati taraqqiyotga emas, doimo qashshoqlik va huquqsizlikka eltishini tarix bir necha bor isbotlab boʻlgan. Nepalni ham xayolparast sotsialist korrupsionerlar boshqargani uning boshiga balo boʻldi. Aholisining 10 foizi xorijda ishlayotgan, pul oʻtkazmalari mamlakatda qolgan qarindoshlariga yordam berayotgan bir sharoitda ijtimoiy tarmoqlarning yopilishi ular bilan muloqotni cheklab qoʻyishi va bu xalq gʻazabini battar qaynatishini kommunistlar inobatga olishmadi, shekilli.

Umuman olganda, iqtisodiy inqiroz, inflyatsiyaning oʻsishi, ish oʻrinlarining, ayniqsa, oliy maʼlumotli yoshlar orasida ishsizlik kuchaygan, xalq yanada qashshoqlashayotgan, aholi tobora koʻpayib borayotgani Nepaldagi norozilik namoyishlari uchun asosiy omillar boʻldi, deyish mumkin. Bu isyon Nepalda qashshoqlik muammolarini qanday hal qilishga aqli yetmaydigan, faqat jigʻildoni va choʻntagini oʻylab hukumat lavozimlariga yopishib olganelitaga va uning qarindoshlariga qaratildi.

Biroq, ekspertlarning fikricha, Nepaldagi norozilik harakatining istiqboli yoʻq. Toʻgʻri, parlamentga qayta saylovlar oʻtkaziladi. Xalq hukumatda yangi qon paydo boʻlishidan umid qilmoqda. Biroq, “qozonda bori choʻmichga chiqadi,” deganlaridek, saylovlar yana oʻsha 30 ta partiya oʻrtasida oʻtkaziladi. Yana oʻsha siyosiy basharalar, yana oʻsha populistik shiorlar, yana oʻsha yolgʻon vaʼdalar...

Ehtimol, yangi partiyalar ham paydo boʻlar. Ammo Nepalda shakllangan ijtimoiy-siyosiy sharoitda har qanday siyosiy kuch tezroq biror muvaffaqiyatga erishishi qiyin. Chunki namoyishchilarning hech qanday siyosiy dasturi yoʻq. Bu stixiyali tarzda - oʻz-oʻzidan paydo boʻlgan, xalq noroziligi va gʻazabini aks ettirgan siyosiy hodisa boʻlib, bu harakat hozirgi hokimiyat institutlaridagi siyosatchilarga qarshi chiqdi xolos. Biroq keyin qanday qadamlar qoʻyish maqbulligini hech kim aniq tasavvur qila olmayapti.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid