2026 yilda mahallalar va tadbirkorlik uchun 400 million dollar ajratiladi
Shavkat Mirziyoyev Namangandagi xalqaro forumda nutq soʻzladi. “Raqamli avlod qizlari” dasturi doirasida 50 ming nafar qiz axborot texnologiyalari, sunʼiy intellektga oʻqitiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida 30 dan ortiq nufuzli tashkilot va 200 ga yaqin xalqaro ekspertlar ishtirokidagi “Kambagʻallikdan farovonlik sari” xalqaro forumining ochilishida nutq soʻzladi.
Hozirda mamlakatimizda yettita ustuvor yoʻnalishni oʻz ichiga olgan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshirilmoqda.
Eng avvalo, kambagʻal aholini shunchaki ishga joylashtirish emas, balki doimiy ish oʻrinlarini koʻpaytirib, odamlar barqaror daromad manbasiga ega boʻlishi uchun sharoit yaratilmoqda.
Qulay ishbilarmonlik muhiti hisobiga oʻtgan sakkiz yilda 700 ming tadbirkor oʻzining barqaror biznesiga ega boʻldi.
Har bir kambagʻal oilada kamida 1 nafar oliy maʼlumotli boʻlishi uchun imtiyozli taʼlim krediti va davlat grantlari koʻpaytiriladi.
Xalqaro standartlar asosida Kasbga tayyorlash xalqaro markazlari tashkil etilib, ularning bitiruvchilariga xorijda tan olinadigan sertifikatlar berish yoʻlga qoʻyiladi.
Xotin-qizlarga oliygohda oʻqish uchun foizsiz kredit ajratish, magistraturada bepul taʼlim olish tizimi joriy etildi. Bugun talabalarning 53 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda, shu yilning oʻzida 1 million 700 ming ayol ishli boʻldi.
Buni davom ettirib, “Raqamli avlod qizlari” dasturi doirasida 50 ming nafar qizlar axborot va moliya texnologiyalari, sunʼiy intellektga oʻqitiladi.
Kelgusi yilda mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, ish oʻrinlarini koʻpaytirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga yana 400 million dollar ajratiladi. 32 ta tuman va 328 ta ogʻir mahalla tanlanib, ularni rivojlantirish boʻyicha alohida dastur qabul qilinadi.
Shuningdek, 810 ta mahallada suv, kanalizatsiya, yoʻl, maktab va bogʻcha qurish boʻyicha 1,3 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi. Uy-joyga muhtoj va daromadi past aholiga ipoteka tizimidan foydalanish uchun har yili 200 million dollar subsidiya ajratiladi.