Vladivostokda oʻzbekistonliklarga nisbatan bezorilik sodir etildi: soʻnggi maʼlumotlar
Mazkur masala yuzasidan Rossiya tomoniga nota yoʻllandi. RFning Primorsk oʻlkasi boʻyicha tergov qoʻmitasi jinoyat ishi qoʻzgʻatdi.

Rossiyaning Vladivostok shahrida bir guruh mahalliy yoshlar oʻzbekistonliklarga nisbatan bezorilik sodir etdi.
Oʻzbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari tashabbusi bilan jabrlangan fuqarolarimiz bilan tezkor aloqa oʻrnatilib, ularga zarur huquqiy yordam koʻrsatilgan.
Shuningdek, fuqarolar tomonidan Vladivostok shahar Ichki ishlar boshqarmasiga rasmiy ariza topshirildi hamda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Vladivostokdagi Vakolatxonasiga va Primorsk oʻlkasi Prokuraturasiga mazkur masala yuzasidan barcha tegishli choralarni koʻrish zarurligi haqida notalar yuborildi.
Mazkur voqealar Oʻzbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi va Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan alohida nazoratga olingan.
Rossiyaning Primorsk oʻlkasi boʻyicha tergov qoʻmitasi bezorilikda gumon qilingan oʻsmirlarga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatganini bildirdi.
Tergov organlari 2025 yil 10 sentabrga oʻtar kechasi Vladivostokning Xabarovskaya koʻchasi hududida bezorilikda gumon qilingan 15 yoshli oʻsmirlar va boshqa sheriklarga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatdi (Rossiya Federatsiyasi JKning 213-moddasi 2-qismi).
Tergov maʼlumotlariga koʻra, 2025 yil 10 sentabr kuni oʻsmirlar mast holda, sababsiz toʻxtab turgan mashinaga shikast yetkazgan va salonga aerozol sepgan. Shundan soʻng ayblanuvchilar yuk mashinasi haydovchisiga hujum qilishgan. Bundan tashqari, gumonlanuvchilar Xabarovskaya koʻchasidagi 24 soatlik doʻkonga bostirib kirib, xaridorlar va sotuvchi koʻz oʻngida erkakka hujum qilgan.
Keyin ayblanuvchilar taksi haydovchisi va mashinada boʻlgan yoʻlovchiga hujum qilishgan. Bundan tashqari, voyaga yetmaganlar koʻchada turib, baland ovozda baqirib, tosh va boshqa qoʻlbola vositalarni qurol sifatida ishlatib, jamoat tartibini qoʻpol ravishda buzgan holda boshqa bir erkakka hujum qilgan.
Hozirda ayblanuvchilarning shaxsi aniqlangan, ulardan biri qoʻlga olingan, ikki nafari qidiruvda.
Gumonlanuvchilar salbiy xarakterga ega va allaqachon huquqni muhofaza qilish organlari eʼtiboriga tushgan. Ulardan biri “Nadejda” doʻkonida bezorilik boʻyicha jinoiy ish boʻyicha sudlanuvchi sanaladi. Jinoyat ishi sudda koʻrib chiqilmoqda.
Hozirda Rossiya Federatsiyasi Tergov qoʻmitasi tergovchilari hodisaning barcha holatlarini aniqlamoqda, deyiladi xabarda.