Prezident Namanganda qurilayotgan aeroport va boshqa manzillarga bordi
3 qavatli qilib qurilayotgan yangi terminalda yoʻlovchi tashish quvvati 2,5 karra oshadi. Chustdagi gaz-beton bloki ishlab chiqarish majmuasi ham koʻzdan kechirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji va aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 16 sentabr kuni Namangan viloyatiga keldi.
Hududdagi bunyodkorlik surʼati shahar darvozasi – aeroportdanoq koʻzga tashlanadi. Bu yerda 140 million dollar investitsiya hisobiga yangi terminallar barpo etilmoqda.
Davlat rahbarining viloyatga oʻtgan yilgi tashrifi chogʻida ushbu loyiha taqdimot qilingan edi. Bugungi kunda qurilish ishlari ketmoqda.

Hozirgi aeroport turistlar oqimiga kichiklik qilayapti. 3 qavatli qilib qurilayotgan yangi terminalda yoʻlovchi tashish quvvati 2,5 karra oshadi. Chegara nazorati va viza boʻlimlari, biznes zali, savdo va ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot xonasi, Duty free doʻkonlari zamonaviy tashkil etiladi.
Shuningdek, aeroportda ulkan yuk terminali qurilmoqda. U kuniga 50 tonna yuk tashish va 90 ta mamlakatga eksport qilish imkonini beradi. Eng muhimi, bu orqali vodiyda yagona kargo tizimi yaratiladi. Hududning biznes, eksport va tranzit salohiyati oshadi.
Masalan, bu yil Namangan viloyatiga 1,5 million xorijiy va 2 milliondan ortiq mahalliy sayyohlarni jalb qilish, xizmatlar eksportini 210 ming dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Andijon va Fargʻona viloyatlari eksporti ham oshib boryapti.
Aeroportda maxsus servis texnikalari ham yangilanadi. Bu turli hajmdagi samolyotlarni qabul qilish va ularga xizmat koʻrsatish imkonini beradi. Shuningdek, keytering, yonilgʻi quyish majmuasi va boshqa xoʻjalik binolari quriladi. Yangi terminallar kelgusi yil ishga tushirilishi koʻzda tutilgan.
Davlat rahbari aeroport atrofidagi infratuzilmani unga mutanosib rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Dunyoning ilgʻor tajribasidagi kabi, aeroport atrofida mehmonxonalar, savdo va koʻngilochar majmualar, barcha zamonaviy xizmatlar boʻlishi zarurligi taʼkidlandi. Avtoturargoh va servis obʼektlari tashkil etib, mehmonlar uchun qulayliklarni kengaytirish vazifasi qoʻyildi.
Shavkat Mirziyoyev Chust tumanidagi “Megaton” korxonasining gaz-beton bloki ishlab chiqarish majmuasida ham boʻldi.

Aholi soni oʻsib, urbanizatsiya kengayib borayotgani sifatli qurilish materiallariga talabni yildan yilga oshiryapti. Mamlakatimizda qurilish materiallari tarmogʻi shunga monand jadal rivojlantirilmoqda. Zamonaviy texnologiyalar olib kelinib, yuqori samarador mahsulotlar oʻzlashtirilmoqda.
“Namangan” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan, "Turonbank" tomonidan moliyalashtirilgan gazoblok korxonasi shulardan biri. 40 million dollarlik ushbu loyiha doirasida Xitoy, Germaniya, Daniya kabi davlatlardan innovatsion texnologiyalar keltirib oʻrnatilgan. Shu bois, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati va samaradorligi yuqori.
Masalan, Germaniya texnologiyasi energiya tejamkorlikni taʼminlaydi. Bunday gazoblokdan qurilgan binoni tashqi izolyatsiya qilish shart boʻlmaydi, ichkaridagi issiqlik va salqinlik toʻrt karra kam yoʻqotiladi. Natijada elektr energiyasi xarajati 45 foizgacha qisqaradi.
Ishlab chiqarishda “Megaton” korxonasiga qarashli “Namangan sement”ning 550 markali sementidan foydalaniladi. Bu orqali qoʻshilgan qiymat zanjiri yaratilgan. Korxonada 500 ta yangi ish oʻrni ochilgan.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi ish jarayoni, laboratoriya va mahsulotlarni koʻzdan kechirdi. Mutasaddilar mahsulot sifati, issiq va sovuqqa chidamliligi haqida maʼlumot berdi.
– Qurilish sanoatimiz zamon talabiga moslashib, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarayotgani yaxshi, – dedi davlatimiz rahbari. – Bunday innovatsion texnologiyalarni import ulushi yuqori boʻlgan boshqa tarmoqlarda ham qoʻllash kerak. Shunda bozorda raqobat, xaridorlarda tanlov boʻlib, joylarda ish oʻrni koʻpayadi. Buning uchun izlanuvchan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashda davom etamiz.
Mazkur korxonada yiliga 600 ming metr kub mahsulot ishlab chiqariladi. Bu viloyatda gʻishtga boʻlgan ehtiyojning 28 foizini qoplashi kutilmoqda.
Loyihaning ikkinchi bosqichida avtoklav gazoblok devori, maxsus kley, kimyoviy qorishma va suvoqlarni mahalliylashtirish rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Namangan tumanida barpo etilgan “Taraqqiyot” sanoat va servis zonasidagi loyihalar bilan tanishdi.
Mamlakatimizda tadbirkorlarga munosib sharoit yaratish, iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish va aholi bandligini taʼminlash maqsadida joylarda texnopark va kichik sanoat zonalari tashkil etilmoqda. Namangan viloyatida bugungi kunda 1,5 ming gektar maydonda 73 ta sanoat zonasi bor.
Buning natijalari Yangi Namangan tumanidagi Sohil mahallasida ham yaqqol namoyon. Ilgari tadbirkor va hunarmandlar oʻz uylarida cheklangan sharoitda ishlagan boʻlsa, endilikda zamonaviy infratuzilmaga ega yaxlit majmuada faoliyat yuritmoqda.
“Gʻijduvon tajribasi” asosida 10 gektar maydonda tashkil etilgan ushbu zonada 113 ta loyiha joylashtirilgan. Ularning barqaror ishlashi uchun byudjet hisobidan elektr energiyasi, ichimlik va oqova suv tarmoqlari, ichki yoʻllar kabi zarur infratuzilma barpo etilgan.
Natijada yiliga 500 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish quvvati vujudga keldi, 4 ming 800 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Yondosh mahallalardan 170 nafar tadbirkor jalb etilgani, 350 dan ziyod xonadonda kooperatsiya asosida mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgani aholining iqtisodiy faolligini yanada oshirmoqda.

Yana bir muhim tomoni, bu yerdagi tayyor uskuna va amaliyotdan foydalanib, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga qayta oʻqitish imkoniyati bor. Bu ishsizlik va kambagʻallikni kamaytirib, aholining turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatuvchi servis markazlari ishini koʻzdan kechirdi, ustalar bilan suhbatlashdi.
– Mamlakatimizda yangi-yangi avtomobil zavodlari ishga tushirilyapti. Odamlarning daromadi oshib, mashinalar koʻpayyapti. Lekin servis boʻyicha hali imkoniyat koʻp. Masalan, chet el avtomobillariga xizmat koʻrsatish yetarli darajada emas. Buni tizimli yoʻlga qoʻyish orqali aholi bandligi va xizmat sifatini taʼminlash mumkin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois, bunday servis markazlarini boshqa tumanlarda ham tashkil etish, malakali ustalarni tayyorlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Prezident sanoat zonasida ishlab chiqarilayotgan mebellar koʻrgazmasi bilan ham tanishdi. Mahalliy sanoatni rivojlantirib, tadbirkorlarning faoliyatini kengaytirishni qoʻllab-quvvatlash, yoshlarning tajriba orttirib, ish topishiga koʻmaklashish vazifalari qoʻyildi.
Bunday majmualarda insonni qadrlash boʻyicha ham zamonaviy yondashuvlar boʻlishi kerakligi taʼkidlandi. Yongʻin xavfsizligi va texnik xavfsizlikni taʼminlash, mehnat bilan birga xodimlarning dam olishi uchun ham qulayliklar yaratish muhimligi aytildi.
Shu yerda Namangan viloyatida shaharsozlik va uy-joy qurilishi yoʻnalishida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar haqida maʼlumot berildi. Bu ishlar aholi uchun zamonaviy yashash sharoitlarini taʼminlash va hududlarni kompleks rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.