platina.uz
Iqtisod

Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida qator qonunlarga oʻzgartirish kiritilishi mumkin

Islomiy moliyada savdo va sherikchilik orqali moliyalashtirish keng qoʻllaniladi. Qonunchilikda esa bunga qator toʻsiqlar mavjud. 

Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida qator qonunlarga oʻzgartirish kiritilishi mumkin

Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida bir qator qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

OʻzLiDeP fraksiyasining 15 sentabr kungi yigʻilishida bu masala koʻtarildi. Unda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, islomiy moliyada savdo va sherikchilik orqali moliyalashtirish keng qoʻllaniladigan moliyalashtirish shakllari hisoblanib, qonunchilikda tijorat banklari tomonidan bunday shakllardan foydalanilishiga bir qator toʻsiqlar mavjud.

Xususan, islomiy moliyalashtirishda banklar savdo bilan shugʻullanish orqali mijozni moliyaviy qoʻllab-quvvatlasa, Oʻzbekistonda tijorat banklari savdo bilan bevosita shugʻullanishlari mumkin emas.

Islomiy moliyada moliyalashtirishni sheriklik asosida amalga oshirishga ruxsat etilgan boʻlib, mamlakatimizda tijorat banklariga yuridik shaxslarni tashkil etish yoki ularning ustav kapitallarida qatnashishga doir cheklovlar oʻrnatilgan.

Shu munosabat bilan, yuqoridagi qayd etilgan holatlarni bartaraf etish va Oʻzbekistonda islomiy bank faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida bir qator qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish talab etiladi.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi natijasida Oʻzbekistonda Islomiy moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI) hamda Islom moliyasi xizmatlari kengashi (IFSB) standartlariga mos keluvchi islomiy bank faoliyati uchun zarur huquqiy asos yaratiladi.

Ushbu Qonun Oʻzbekistonda islomiy banklar va islomiy “darcha”lar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, “yashirin” iqtisodiyot ulushini kamaytirish, qolaversa mamlakatimizga islomiy bank faoliyatini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid