Xitoy osmonida nomaʼlum jism portlab ketdi
Nomaʼlum uchar jism turlicha talqin qilinmoqda. Baʼzilarga koʻra, u meteorit boʻlishi mumkin, raketa urib tushirilgani varianti ham bor.

Xitoyda nomaʼlum uchar jismning qulagani tasvirga tushdi.
Shandun shahrida bir necha internet foydalanuvchilari joylagan videoga koʻra, 12 sentabr oqshomida hudud aholisi tungi osmonda nomaʼlum uchar jismning qulaganiga guvoh boʻlgan.
Bu haqda World Journal xabar bermoqda.
Ular artilleriya snaryadlariga oʻxshash ikkita kuchli portlashni eshitganliklarini aytishdi, shundan soʻng porlab turgan obʼekt koʻrindi va u urib tushirilgan.
Hodisa kuchli chaqnash va sezilarli silkinish bilan birga sodir boʻldi.
Video Xitoyning Weibu tarmogʻida tarqalib, koʻplab taxminlarga sabab boʻldi. Baʼzi internet foydalanuvchilari buni raketalarni tutib olish sinovi, boshqalari - bu meteorit yoki hatto oʻzga sayyoraliklar ekanligini taxmin qilishdi.
Veyfan Favqulodda vaziyatlarni boshqarish byurosi xodimlari hozircha hech qanday maʼlumot olmaganini aytishdi. Ammo kecha Futszyan provinsiyasida nomaʼlum jism kuzatilgani haqidagi xabarlar Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi.
Guvohlar parabolik trayektoriya boʻylab yuqori tezlikda harakatlanayotgan obʼektni koʻrishgan. Keyin unga boshqa tomondan yorqin obʼekt yaqinlashdi. Ikki narsa havoda kesishganda kuchli chaqnash va portlashni eslatuvchi baland ovoz eshitildi.
Keyinchalik, Yantay, Rijao, Jinan va boshqa joylar aholisi tungi osmonda shahar va chekka hududlarga taʼsir qilgan gʻayritabiiy hodisalarga guvoh boʻlganliklarini daʼvo qiluvchi videolarni joylashtirdilar.
Baʼzi internet foydalanuvchilari guvohlar tomonidan tasvirlangan xususiyatlarga asoslanib, bu raketani tutib olish sinovi boʻlishi mumkinligini taxmin qilishdi.
Bunday sinovlar odatda havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarining tutib olish imkoniyatlarini, xususan, raketaga qarshi mudofaa tizimlarining jangovar samaradorligini sinash uchun ishlatiladi.
“Agar bu raketalarni tutib olish sinovi ekanligi tasdiqlansa va bizning raketaga qarshi mudofaa tizimi shu darajaga yetgan boʻlsa, bu bizning havo hujumiga qarshi mudofaa tizimimiz yanada takomillashib borayotganini, havo tahdidlaridan yaxshiroq himoyalanganligini va bizga xotirjamlik baxsh etayotganini koʻrsatadi”, deyiladi xabarlardan birida.