platina.uz
Jamiyat

Sobiq vazir Aziz Voitovga nisbatan sud hukmi eʼlon qilindi

Unga jarima va 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Ish boʻyicha yetkazilgan zarar qoplangan. 

Sobiq vazir Aziz Voitovga nisbatan sud hukmi eʼlon qilindi

Sobiq qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitovga nisbatan sud hukmi eʼlon qilindi. Bu haqda Oliy sud xabar berdi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudi tomonidan A. Voitov (Qishloq xoʻjaligi vaziri lavozimida ishlagan) va boshqalarga (jami 62 kishi) oid jinoyat ishini birinchi instansiyada koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni tugab, sud hukmi eʼlon qilindi.

Sud hukmiga koʻra A. Voitov Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Unga nisbatan yetkazilgan moddiy zararning oʻrni toʻliq qoplanganligi sababli 3 yil muddatga boshqaruv tizimi, rahbarlik va mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qilgan tarzda bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari miqdorida jarima va har oylik ish haqining 30 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Taʼkidlash joizki, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 4-qismida yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmasligi belgilangan. Shu bois, sudning hukmi bilan jinoyat boʻyicha yetkazilgan zarar sud jarayoni davomida toʻliq qoplanganligi sababli A. Voitovga ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlanib, depozit hisob raqamiga toʻlangan pullar davlat foydasiga oʻtkazilishi belgilangan.

X. Karimovga (Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi direktori lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilgan holda 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Qolgan 60 nafar sudlanuvchiga qilmishiga muvofiq ravishda tegishli jazolar, xususan, 9 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 51 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlandi.

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi.

Aziz Voitov 2023 yil oktabrda ushlangan, 2024 yiil avgustda ishi sudga oshirilgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid