Rossiyalik sayyohlarning Yevropaga kirishini butunlay taqiqlash taklif etildi
Polsha, Boltiqboʻyi davlatlari va Finlyandiya allaqachon viza berish amaliyotlarni sezilarli darajada cheklab qoʻygan. 2024 yilda yarim million rossiyalik sayyoh Shengen vizasini olgan.

Ayrim Yevropa davlatlari rossiyalik sayyohlar uchun mamlakatlarga kirishni butunlay taqiqlashni taklif qilishdi. Bu taklif Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 19-paketi muhokamasi chogʻida bildirildi, deb xabar beradi Euroactiv manbalarga asoslanib.
Muhokama qilinayotgan chora-tadbirlarga koʻra, Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlardan rossiyaliklarga turistik vizalar berish qoidalarini birlashtirish soʻralishi mumkin.
Baʼzi davlatlar, jumladan Polsha, Boltiqboʻyi davlatlari va Finlyandiya allaqachon amaliyotlarni sezilarli darajada cheklab qoʻygan, Italiya, Ispaniya, Gretsiya va Frantsiya esa liberal yondashuvni saqlab qolishgan.
Qoʻshimcha chora rossiyalik diplomatlarning Shengen hududida harakatlanish erkinligini cheklash boʻlishi mumkin. Chexiya tomonidan faol ilgari surilgan tashabbus diplomatlarni akkreditatsiya qilingan mamlakatga bogʻlashni oʻz ichiga oladi.
Nashrning yozishicha, siyosatni kuchaytirishga yozgi mavsumda rossiyalik sayyohlarning YeIga rekord darajada kelishi sabab boʻlgan — Yevrokomissiya maʼlumotlariga koʻra, 2024 yilda 500 mingdan ortiq Shengen vizasi berilgan. Yangi cheklovlar boʻyicha qaror qabul qilish Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar oʻrtasida muvofiqlashtirishni talab qiladi.
Ukrainada mojaro boshlanganidan keyin Latviya, Litva, Polsha, Finlyandiya, Chexiya va Estoniya boshqa mamlakatlardan Shengen vizasi olgan Rossiya fuqarolarini kiritishni toʻxtatdi. Endilikda bu mamlakatlarga faqat Shengen davlatlaridan birining fuqaroligi yoki yashash ruxsati bor yoki boshqa davlatlarning fuqaroligiga ega boʻlgan rossiyaliklar kirishi mumkin.
Yevropa Ittifoqi Rossiya bilan soddalashtirilgan viza rejimini toʻxtatib, Shengen vizasiga qoʻyiladigan talablarni kuchaytirdi, qator davlatlar, jumladan Belgiya, Daniya, Islandiya, Latviya, Litva, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Slovakiya, Finlyandiya, Chexiya va Estoniya rossiyaliklarga sayyohlik vizasini berishni toʻxtatdi.
Avvalroq Politico Chexiyaning rossiyalik diplomatlarning Shengen hududida erkin harakatlanishini cheklash taklifi haqida xabar bergan. Bunga javoban Rossiya TIV Yevropa muammolari departamenti direktori Vladislav Maslennikov Moskva bunday tahdidlarni qarama-qarshilik qadamlari sifatida qabul qilishini aytdi. Uning fikricha, bu Rossiyaning javob choralariga sabab boʻladi.
Moskva sanksiyalarni noqonuniy deb hisoblaydi. Yevropa Ittifoqi 17 va 18-chi sanksiyalar paketini kiritganidan soʻng, Rossiya Kiyevga yordam koʻrsatishga masʼul boʻlgan bir qator Gʻarb fuqarolariga kirishni taqiqladi.