Shahrisabzda maktab oʻquvchisini bosib ketishiga bir bahya qolgan haydovchi jazolandi
U bola piyodalar oʻtish joyida harakatlanayotganiga qaramay toʻxtamagan.

Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz shahrida piyodalar oʻtish joyidan oʻtayotgan bolaning hayotini xavf ostida qoldirgan haydovchi jazolandi. Bu haqda Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Piyodalar oʻtish joyida haydovchi oʻquvchini salkam bosib ketgani kameralarga tushib qolgan. Baxtli tasodif tufayli bola omon qolgan.
Haydovchining ishi jinoyat ishlari boʻyicha Shahrisabz sudida koʻrildi. Sud jazo sifatida 68 yoshli fuqaroni 1 yilga haydovchilik huquqidan mahrum etib, BHMning 25 baravari (10,3 mln soʻm) miqdorida jarima belgiladi.
Maʼlum qilinishicha, otaxon tezkor surishtiruv ishlari va kameralar orqali olingan maʼlumotlar asosida topildi.
Avvalroq jarima ballari sabab qoidabuzarliklar oʻtgan yilga nisbatan 58 foizga kamaygani aytilgandi.
Bu haqda Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xabar qildi. Salkam 64 ming haydovchi esa 1 ballgacha jarima ballari olgan.