Prokuror va sudya katta yordamchisi pora bilan ushlandi
Surxondaryoda prokuror fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatmaslik toʻgʻrisida IIBga koʻrsatma berishini aytib, evaziga pul soʻragan. Jizzaxda esa advokat qoʻlga olindi.

Prokuror, sudya katta yordamchisi va advokatga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Surxondaryo viloyat prokuraturasining boʻlim prokurori xizmat mavqeidan foydalangan holda, Denov tumani Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boʻlimi yurituvidagi 1999 y.t. fuqaroga nisbatan toʻplangan tergovga qadar tekshiruv materiallarida jinoyat alomatlari mavjud boʻlsada, lekin, jinoyat ishi qoʻzgʻatmaslik toʻgʻrisida mazkur tuman IIBga koʻrsatma berishini aytib, evaziga 2000 AQSh dollari talab qiladi.
Joriy yilning 5 sentabr kuni u soʻralgan pul mablagʻidan 5 mln. soʻmni oʻzining nomidagi plastik kartaga oʻtkazdirib oladi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Termiz shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u talab qilingan puldan 1300 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan prokurorga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Boshqa holatda esa Andijon viloyat sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyasining katta yordamchisi ushlandi.
U Andijon shahrida yashovchi, 1992 y.t. ayolning nomidan Andijon tumanlararo FIB sudiga daʼvo arizasi kiritib, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali ayolning sobiq turmush oʻrtogʻiga tegishli mol-mulklarning bir qismini uning foydasiga hal qilish haqida qaror chiqartirib berish evaziga 500 AQSh dollari talab qiladi.
Sudya katta yordamchisi hozirga qadar soʻralgan pul mablagʻidan 200 AQSh dollari oladi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Andijon shahrida tezkor tadbir oʻtkazilgan. U qolgan 300 AQSh dollariga teng hisoblab, 3 mln 800 ming soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda sudya katta yordamchisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Bu kabi qonunbuzilishi Jizzax shahrida ham qayd etilib, unda mahalliy advokatlik hayʼati advokati oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda, Mirzachoʻl tumanida yashovchi, 1981 y.t. fuqaro bilan oʻzaro til biriktirib, Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi manzil koloniyada ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtayotgan mahkumni Jizzax viloyat sud tizimidagi tanishlari orqali oqlov hukmi asosida muddatidan oldin ozodlikka chiqarib berish evaziga 6 ming AQSh dollari talab qilishadi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Prokuratura organlari xodimlari hamkorligida Jizzax shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, ular soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Andijonda ikki nafar hokim oʻrinbosari qoʻlga olingandi.
Ular tumanda faoliyat yurituvchi fermer xoʻjaligining 500 ming dollarlik eksport rejasini yopib berish evaziga pul soʻragan. Toshkentda esa salkam 1 mln dollarga yer sotmoqchi boʻlganlar ushlangan.